TIQXMMI yangiliklari

img
14.01.2024

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligiining 32-yilligi va “Vatan himoyachilari kuni“ bayrami munosabati bilan universitetimiz jamoasining TABRIGI

 

Taraqqiyparvar insoniyat uchun musaffo osmon, yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi eng ulug‘ ne’mat. Yaratganning ushbu ne’matini saqlashga mas’ul bo‘lgan yurt posbonlarini, vatan himoyachilarini kasbiy bayramlari bilan muborakbod etar ekanmiz, tinchlikka tayanch bo‘lgan vatanimiz himoyachilariga kechani - kecha, kunduzni - kunduz demay vataniga sadoqat va sergaklik tuyg‘usi bilan o‘z ishiga kamarbasta yurt posbonlarini chin dildan qutlaymiz. 

Har qanday davlatning kuchi bir tomondan moddiyat va ma’naviyat bilan bog‘lansa, ikkinchi tomondan uning harbiy qudrati bilandir. 

Shu bois davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligiining 32-yilligi va “Vatan himoyachilari kuni“ bayrami munosabati bilan o‘z tabrigida “Xalqimiz sizlar kabi mard va jasur harbiylarimiz timsolida Vatanni himoya qilishdek dunyodagi eng ulug‘ ishni sharaf bilan ado etib, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo singari buyuk ajdodlarimizning shonli an’analarini munosib davom ettirib kelayotgan ona yurtimizning chinakam qalqonlarini ko‘radi.“- deya e’tirof etganlari bejiz emas.

Chunki xalq va armiyaning birligi mushtarak maqsadlarning amalga oshuvi va Yangi O‘zbekistonnning shukuhini belgilovchi mezondir. «Xalq va armiya – bir tan-u bir jondir» degan ezgu g‘oya asosida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirish, harbiy qurilish sohasini tubdan modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar ulug‘ maqsadlarga qaratilgani aniq.

Albatta, mana shunday tinch, osoyishta, farovon kunlarga o‘z-o‘zidan erishilmaganligi barchamizga ma’lum. O‘tgan qisqa davr ichida bugungidek professional armiya darajasiga ko‘tarish davlatimiz tomonidan uzoqni ko‘zlab, tizimli olib borilayotgan strategik islohotlarning yorqin samarasi va ayni paytda Prezidentimizning uzoqni ko‘zlovchi strateg sifatidagi qat’iy siyosiy pozitsiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir.

O‘tgan davrda chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, o‘zi tug‘ilib o‘sgan muqaddas zaminni, kindik qon to‘kilgan makonni qo‘riqlashda jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlarimiz jasorati har bir o‘zbek yigitiga yuksak ibrat namunasi bo‘lib qoladi.

Mana shunday unutilmas damlarda hozirgi tinch va farovon hayotimizni ta’minlash yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan yigitlarimizning jasorati oldida chuqur ta’zim qilamiz.

Bugungi bayram nafaqat harbiylarning, balki har bir yigitning, har bir bo‘lajak Vatan himoyachisining va ularni dunyoga keltirgan onalari, doimo duogo‘y bo‘lgan ota-bobolarining ham haqiqiy milliy bayramidir.

Yangi O‘zbekistonda yashash va shu xalq osoyishtaligini ta’minlash eng mashaqqatli va sharafli kasb ekanligini yana bir bor ta’kidlab, universitetimiz jamoasi nomidan barcha harbiylarimizni samimiy qutlaymiz va ularga kuch-quvvat, yengilmas iroda va mustahkam sog‘lik tilaymiz. O‘z xizmat vazifalarini bekam-u-ko‘st bajarishda, barcha sharoitlarni muhayyo qilib, farzand tarbiyasidan boshlab oiladagi barcha tashvishlarni o‘z zimmalariga olib, sharaf bilan bajarib kelayotgan turmush o‘rtoqlariga ham alohida minnatdorchilik bildiramiz. 

Hamma harbiylarimizga bugungidek tinch-farovon zaminni, Yangi O‘zbekistonni uzoq yillar qo‘riqlash nasib qilsin deya samimiy tilaklarimizni bildiramiz.

 

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti“ Milliy tadqiqot universiteti jamoasi