img
17/02/2022

Umurzakov O’ktam Pardayevich

Umurzakov O‘ktam Pardayevich

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Umurzakov O‘ktam Pardayevich ko‘p yillardan beri o‘z ish faoliyati davomida universitetimizning rivojlanishi uchun ulkan hisssalarini qo‘shganlar. 1974-yildan 1977-yilgacha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti (“Toshkent Irrigatsiya Va Qishloq Xo‘Jaligini Mexanizatsiyalash Muhandislari Instituti” Milliy Tadqiqot Universiteti) “Mashinalar puxtaligi va remonti” kafedrasining kichik ilmiy xodimi, 1977-1980-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi kichik ilmiy xodimi, 1980-1990-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining “Materialshunoslik va mashinasozlik” kafedrasi assistenti, 1990-1992-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining Malaka oshirish fakulteti dekani, 1992-1996-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari tayyorlash markazi prorektori, 1996-1999-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti dekani, 1999-2004-yillarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Ilmiy ishlar va axborot texnologiyalari bo‘yicha prorektori, 2004-2011-yillarda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, 2011-2013-yillarda esa Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutiningng O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, rektor vazifasini bajaruvchi, 2013-yildan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining “Suv xo‘jaligi iqtisodi” kafedrasi professori, 2017-yil 26-maydan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining rektori lavozimida ishlagan. Respublika oliy ta'lim kengashi raisi, institutimiz rektori, iqtisod fanlari doktori, proffessor O‘ktam Pardayevich Umurzakov 2021 - yilning 26 - iyul kuni 69 yoshida vafot etdi. O‘ktam Pardayevich Umurzakov - Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti bitiruvchisi. Butun umri shu ta’lim dargohi bilan chambarchas bog'liq. 

Ustozimizni barchamiz doim iliq xotiralar bilan yodga olamiz.

 

 



Ilgʻor xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga Rossiya Federatsiyasining “Rostselmash” kompaniyalar guruhining “Rostselmash” zavodi Bosh direktori Malsev Valeriy Viktorovich va Osiyo boʻyicha mahsulotlar realizatsiyasi departamenti direktori Kolesnikov Andrey Borisovich hamda “Uzagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruv raisining ishlab chiqarish boʻyicha oʻrinbosari Xayrullayev Tulqun Asatovichlar tashrif buyurishdi. Tashrif doirasida V.V.Malsev va A.B.Kolesnikovlar institut hamda uning Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakulteti oʻquv jarayoni, fakultetdagi kafedralar faoliyati va ularning oʻquv bazasi bilan tanishishdi. Shundan soʻng hurmatli mehmonlarning institut rektori Oʻ. Umurzakov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi va ular oʻzaro hamkorlik qirralarini muhokama etishdi.

Uchrashuv soʻngida “Rostselmash” kompaniyalar guruhi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik kelishuvi imzolandi. Kelishuv doirasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-oʻqituvchilarining “Rostselmash” Akademiyasida stajirovka oʻtashlari, Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash fakultetida zamonaviy oʻquv xonasi tashkil etish, “Qishloq xoʻjaligi mashinalari” va “Traktorlar va avtomobillar” kafedralari oʻquv bazasiga gʻalla oʻrish kombayni, traktor va boshqa yangi qishloq xoʻjalik texnikalari va ularning maketlarini berishga kelishib olindi. Tadbir tashkilotchilari sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (Oʻzbekiston Respublikasi), “Rostselmash” kompaniyalar guruhi (Rossiya Federatsiyasi)ning maqsadlari mushtarak.

 

Institutimizga rasmiy tashrif bilan

Tabiiy resurslardan foydalanish jahonshumul muammolardan ekani ayon. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar xayrlik va savobli bo‘libgina qolmay, balki dunyo xalqlarining osoyishtaligi va farovonligi masalasiga ham borib bog‘lanadi. Osiyo taraqqiyot banki (ADB)ning Atrof-muhit, tabiiy resurslar va qishloq xo‘jaligi departamenti boshlig‘i Yasmin Siddiki boshchiligidagi delegatsiyasi TIQXMMIga rasmiy tashrif buyurdi. Yasmin Siddiki Osiyo taraqqiyot bankining 150 mln. dollarlik loyihasini amalga oshirishda institutning suv resurslardan foydalanish tajribasini o‘rgandi. Osiyo taraqqiyot bankining suvdan integratsiyalashgan tarzda foydalanish bo‘yicha loyihasini bajarishda TIQXMMI bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Melbrun universitetining “Suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish” kafedrasi tadqiqotchisi Kliv Layl Avstraliyada suv resurslaridan boshqarish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Shtatlararo suv resurslardan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari va O‘zbekistonda joriy qilish yo‘llari haqida so‘z yuritdi. Suv va yer resurslari, bir so‘z bilan aytganda, tabiiy resurslarni oqilona boshqarish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda istiqbolli hamkorliklar katta natijalar berishiga umidvormiz.

 

Ispaniya delegatsiyasining tashrifi

Har qanday taraqqiyotning zaminida bevosita hamkorlikning natijasi, hamjihatlikning samarasi yotadi. Ispaniya delegatsiyasining Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga tashrifida ham ana shu maqsadning ifodasini ko‘rish mumkin.  2019 yilning 8 may kuni Ispaniyaning Kastilya La-Mancha (UCLM) universiteti xalqaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha prorektori, professor Fatima Guadamis Gomes (Fatima Guadamillas Gomes), kadrlar masalasi bo‘yicha direktor Yordi Kimeno (Jordi Gimeno Bevia) va “ALEX-YASIN” ekologik tashkiloti direktori Alexandro Pastranalarning TIQXMMIga tashrifi istiqboldagi rejalarni belgilash bilan bog‘liq jarayonda ahamiyatlidir. Tashrif davomida xorijlik mutaxassislar institutimizning e’tiborga sazovor joylari, auditoriya va laboratoriyalariga kirib amaliy va nazariy jarayonning uyg‘unligi bilan qiziqishdi. So‘ngra rektorimiz, professor O‘. Umurzakov ishtirokida TIQXMMI bilan Kastilya La-Mancha (UCLM) universiteti o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Institutimizda xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik muntazam tarzda amalga oshirib kelinayotganining ham guvohi bo‘lishdi. Rektor xorijiy ta’lim muassasalari bilan xalqaro magistratura ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilganini e’tirof eta turib, yaqinda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib institutimizda Xalqaro doktoranturani tashkil etilayotgani xususida ham ma’lumot berib o‘tdilar. Xorijlik mutaxassislarning yurtimizga tashrifi Samarqanddan boshlangani bejiz emas. Ular tarixiy shahardagi qadamjolarni ziyorat qilishlari barobarida Sohibqiron Amir Temur davrida XV asr boshida Ispaniya qiroli Genrix III de Trastamara nomidan 1404 yili Samarqandga Amir Temur huzuriga elchi bo‘lib kelgan Rui Gonsales de Klavixo haqida o‘qigani, ispaniya elchisini qiziqtirgan joylarni ziyorat qilishni ko‘ngilga tugganlari borasida so‘zladi.

Klavixo Samarqand atrofida Amir Temur barpo qildirgan ko‘plab bog‘larni ko‘rib hayratga tushgan: “Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” kitobida "Shahar atrofida bog‘lar va uzumzorlar shunchalik ko‘pki, u yerga yetib kelgan kishi go‘yoki o‘rtasida shahar joylashgan baland daraxtlar o‘sib yotgan bir o‘rmonga yaqinlashganday bo‘ladi, ular ba’zi joylarda bir-ikki liga (5-10 kilometr) masofagacha yastangan". Ispan sayyohi yana Amir Temur katta maydonlarda maxsus uzumzorlar barpo etganini, shahar va bog‘lar orqali juda ko‘p ariqlar o‘tkazganini ham o‘z bitiklarida qoldirgan. Ispaniyalik mutaxassislarning yurtimizga ilk tashrifi ularni quvontirgani haqida gapirdi. Ayni paytda ular faoliyat yuritayotgan universitet haqida muxtasar ma’lumot berish ham o‘rinlidir. Kastilya La-Mancha (UCLM) universiteti (Universidad de Castilla La Mancha) Ispaniyaning davlat universiteti hisoblanadi. Xalqaro ta’lim reytingi bo‘yicha universitet jahonning eng yaxshi 1000 ta universitetlari ro‘yxatiga kiradi. Universitet 1982 yilda Ispaniya Qirolligining “Kastilya La Mancha” Avtonom okrugida tashkil etilgan. Universitetning Albasete, Kuenka, Syudad-Real va Toledo shaharlarida filiallari (kampuslari) mavjud. Ayni paytda universitetda 30 000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda va 2300 nafar professorlar faoliyat olib bormoqda. Universitetning bakalavriat bosqichida 50 ta yo‘nalish, magistraturada 100 dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha, doktoranturada esa barcha fan sohalari bo‘yicha tahsil olish mumkin. Universitetning asosiy yo‘nalishlaridan biri fundamental tadqiqotlardir. Universitetda 35 ta ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlar mavjud. Mintaqaviy taraqqiyot instituti va Kastilya La-Mancha ilmiy texnika Parki shular jumlasidandir. “ALEX-YASIN” ekologik tashkiloti Ispaniya delegatsiyasini moliyaviy xarajatlarini to‘liq qoplaydi. Oqava suvlarni tozalab qayta ishlash bo‘yicha Ispaniya dunyoda birinchi o‘rinni egallashini g‘urur bilan e’tirof etgan Alexandro Pastrana O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini keng yo‘lga qo‘yishdan har ikki tomonlama manfaat ustunligini ta’kidlaydi. Xullas, delegatsiya bilan keng qamrovli muzokaralar olib borildi. Shuningdek, ularga institutning barcha fakultet laboratoriyalari va ilmiy salohiyati namoyish etildi. Muloqot jarayonida delegatsiya vakillari bilan kelajakdagi hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi.

 

Manfaatli va ma’rifatli hamkorliklar

Ilmgina insoniyatning yo‘lini yoritadi, ulug‘ va qutlug‘ ishlarga safarbar etadi. Ilm-fanning rivojisiz mamlakat taraqqiyotini tasavvur etish qiyin. Uning ravnaqi orqaligina innovatsion ixtirolarni, investitsion faoliyatning mazmun-mohiyatini his etish mumkin. Shuning uchun ham deyarlik har oyda institutimizda xorijiy davlatlarning fan va ta’lim mutaxassislari ishtirokida o‘zaro hamkorlik va manfaatli tajriba almashish zamiriga qurilgan Xalqaro konferensiyalardan ko‘zlangan maqsadlar ham aslida shu. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari institutida faoliyatning turli yo‘nalishlarida ilg‘or yondashuvlarni joriy qilish, o‘quv va ilmiy dasturlarni takomillashtirishda, ularni internatsionallashtirish, jahondagi nafaqat nufuzli oliy ta’lim va ilmiy muassalar, balki ishlab chiqarish muassasalari bilan ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga qaratilmoqda. 

Institut va Xitoy Xalq Respublikasining China Power korporatsiyasi va uning tizimidagi Stecol Corporation kompaniyasi kabi tashkilotlar o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlikni ham alohida e’tirof etish mumkin. Mazkur hamkorlik natijasida hozirgi kunda TIQXMMI talabalarini Stecol Corporation kompaniyasi ob’ektlarida amaliyot o‘tishlari, institut bitiruvchilarini XXRdagi yetakchi universitetlardan hisoblangan Xoxay universitetida magistraturada tahsil olish tashkil etilgan.  Joriy yilning 22 may kuni TIQXMMI rahbariyati va Stecol Corporation kompaniyasining bosh direktori Qu Yongyao hamda bosh muhandisi Liu Lingbao o‘rtasida navbatdagi ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida har ikki tomon hamkorlikning borishi va natijalaridan qoniqish hosil qilgan holda kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy tadqiqot, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar yuzasida kelishib oldilar. Bunday uchrashuvlar hamkorlikni izchil rivojlantirishga imkon berishi ta’kidlandi. 

 

Akademik simpozium

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi dolzarb masalalardan biri sifatida yuzaga chiqqani sir emas. Shuning uchun ham ana shu mavzuga bag‘ishlangan Akademik simpozium joriy yilning 27 may kuni, ya’ni bugun institutimizda o‘z ishini boshladi. «Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi barqaror rivojlanishi» «Sustainable Agricultural Developmentin Central Asia (SUSADICA) dasturi bo‘yicha 2 ta ochiq ma’ruza ayniqsa, e’tiborga molik bo‘ldi. Germaniyaning Giessen universiteti professori Martin Petrik “Iqtisodiy - ijtimoiy fanlarning qishloq xo‘jaligi rivojidagi o‘rni” hamda Koreya Respublikasining Kangvon Milliy universiteti professori Kiang Riang Kimning “Markaziy Osiyodagi sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiyalash: islohotlar va uning ijtimoiy oqibatlari” mavzuidagi ma’ruzalari manfaatli hamkorlik borasidagi ijobiy ishlarimizning samarasi deyish o‘rinlidir. Ushbu SUSADICA dasturining maqsad va vazifalari borasida muxtasar ma’lumot berish ham joiz. Dastur maqsadi Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishi bilan bog‘liq masalalarga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik barqarorlikni ifodalovchi yo‘nalishlari bo‘yicha 5 ta - fermer xo‘jaliklari restruktrizatsiyasi va mehnat munosabatlari, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar, agrar siyosat, atrof-muhit o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’siri, suv resurslarini boshqarish mavzularida ilmiy tadqiqotlar olib borishdan iborat. TIQXMMI da 10 nafar (5 nafari O‘zbekiston, 1 Germaniya, 1 Kolumbiya, 1 Turkmaniston va 2 nafar Qirg‘iziston) doktorantlar ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.

Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda va tadqiqotchilarga qulay ilmiy muhit yaratish maqsadida TIQXMMI barcha imkoniyatlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, ushbu strukturaviy doktorantura dasturi davomida TIQXMMIda PhD tadqiqot treninglari, turli nufuzli olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ma’ruzalari, seminar va konferensiyalar, turli taqdimotlar o‘tkaziladi. Shu bilan bevosita bog‘liq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Akademik innovatsion fondi(AIF) granti asosida “Agrar innovatsiyalar va resurslardan foydalanish bo‘yicha predmetlararo iqtisodiy laboratoriya” loyihasi yuzasidan qisqacha ma’lumot keltiramiz. Maqsadi TIQXMMI da “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyati va malakasini oshirish hisoblanadi. Germaniya va TIQXMMI olimlari hamjihatligida tashkil etiladigan innovatsion “Agrar innovatsiyalar va resurslardan foydalanish bo‘yicha predmetlararo iqtisodiy laboratoriya” da tandemda ishlashadi. Ushbu eksperimental laboratoriya iqtisodiy va texnik – muhandislik fanlarini bir-biriga bog‘lagan holda faoliyat yuritadi. O‘quv dasturlarini takomillashtirishda loyiha ishtirokchilari uchun Germaniya va TIQXMMI da turli mavzularda, jumladan, tanqidiy yondashuv (критическое мышления), akademik yozish, taqdimot san’ati bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etiladi.

 

Xitoy elchisi institutimizda

Xitoy elchisi Szyan Yan rasmiy TIQXMMIga tashrif buyurdi. Dastavval, mehmon Innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar klasterida xitoylik TIQXMMI magistrantlari, talaba va til kurslarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazdi. Xitoylik o‘quvchilar o‘zlarini tanishtirgandan so‘ng elchi uchun o‘zbek va rus tillarida she’rlar aytib, qo‘shiqlar kuylashdi. Bundan ruhlangan Xitoy elchisi O‘zbekistonda til o‘rganish va ta’lim olishning bir necha ijobiy jihatlarini sanab o‘tdilar. Jumladan, til o‘zlashtirish bilan birgalikda ming(lab) yillik tarixga ega o‘zbek xalqining madaniyati, urf-odatlari va tarixini o‘rganish zaruriyatini ham his etdilar. Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A.Salohiddinov institutning faoliyati xususida taqdimot o‘tkazdi. Szyan Yan institutning keng qamrovli ta’lim va ilmiy faoliyatini yuqori baholab, ijobiy taassurot bilan uchrashuvning navbatdagi raund (qismi)ga o‘tildi.

Uchrashuvning navbatdagi qismi videokonferensiya zalida davom etdi. Uchrashuvda institutning 5 nafar talabasi Xoxay universitetida ta’lim olayotgani, POWER CHINA bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik rishtalari va Xitoyning Nanking universitetida yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgan qo‘shma magistratura dasturlari haqida ma’lumot berildi. Institut talabalari Xoxay universitetlarida iqtidorli talabalari qatorida ta’lim olayotgani va xitoylik korxonalar ishga olib qolish bo‘yicha takliflar bildirayotganini iftixor bilan ta’kidlandi. Institut rektori U.Umurzakov TIQXMMIda O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib, smart (aqlli) universitet tashkil qilinayotgani haqida so‘z yuritishdi. Smart universitetning auditoriyalar ko‘rinishi, aqlli qurilmalar orqali talabalarni nazorat qilinishi va interaktiv doskalar orqali ta’lim berish imkoniyatlarini batafsil yoritib berdi. Bundan katta taasurot olgan xitoylik elchi HUAWEI bilan aloqalarni yanada kuchaytirishni va smart universitetini tashkil etishda ularni kengroq jalb qilishni tavsiya etdi. So‘ngra o‘zaro sovg‘alar almashildi va Szyan Yan institut faxriy mehmonlar kitobiga iliq fikrlarini yozib qoldirishdi. Keyin esa TIQXMMI qoshidagi International House akademik litseyining smart auditoriyalarini borib ko‘rishdi. Xitoy elchisi Szyan Yan institutning keng qamrovli faoliyatidan katta taassurotga ega bo‘ldi, shuningdek, Xitoy bilan aloqalarni yanada kuchaytirishda faollikni qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidlab o‘tdi.

 

Volgograd davlat agrar universiteti bilan hamkorlik

Har qanday hamkorlik zamirida ikki tomonlama manfaat yotadi. Bu esa taraqqiyotimizning tom ma’nodagi mezonidir, desak yanglishmaymiz. Xuddi shu ma’noda Volgograd davlat agrar universitetining (VolDAU) rektori A.S. Ovchinnikov rahbarligidagi delegatsiya 18 iyun kuni TIQXMMIga tashrif buyurdi. Delegatsiya VolDAU rektori A.S. Ovchinnikov, birinchi prorektor Bocharnikov V.S., tashqi aloqalar, marketing va qo‘shimcha ta’lim bo‘yicha prorektori Ye.N.Patrinalardan tarkib topgan. TIQXMMI rektori institut rahbarlarini tanishtirish bilan yig‘ilishni ochib berdi. Rektor institutning ta’limiy va ilmiy faoliyati haqida mufassal ma’lumot berdi. Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A.T. Salohiddinov tomonidan institutimizning xorij universitet va tashkilotlari bilan yo‘lga qo‘yilgan loyihalar, shu jumladan, Rossiyaning universitetlari bilan hamkorlikdagi dasturlar haqida ma’lumot keltirdi.

VolDAU rektori samimiyat ila kutib olishgani uchun minnatdorchilik bildirgan holda universitetning TIQXMMI bilan yo‘lga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha kelishib olindi. Yig‘ilish so‘nggida VolDAU delegatsiyasiga esdalik sovg‘alari ulashildi. VolDAU delegatsiyasiga “D” binodagi laboratoriyalar ham ko‘rsatildi. VolDAU delegatsiyasi TIQXMMIga tashrifidan nihoyatda mamnun bo‘ldi.

 

Folkmar Klyayn boshchiligidagi Germaniya Bundestag delegatsiyasining institutga tashrifi

Folkmar Klyayn boshchiligidagi Germaniyaning Bundestagi (Parlamenti) deputatlar, ushbu davlatning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari 17 iyun kuni institutga rasmiy tashrif buyurishdi. Institutimiz rektori O‘. P. Umurzakov tashrif buyurgan mehmonlarga mezbonlarni tanishtirgandan so‘ng institutning ilmiy va ilmiy faoliyati haqida batafsil so‘zlab berishdi. Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori A.T. Salohiddinov tomonidan institut tarixi va hozirda amaldagi Germaniya oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlari, shu jumladan, Gumboldt universiteti, Berlin texnika universiteti, Gissen, Gettenburg universiteti, Xalle universiteti, GIZ lar bilan hamkorlik loyihalari xususida ma’lumot taqdim etildi.  Deputat Folkmar Klyayn tashrif buyurgan mehmonlarni tanishtirib o‘tdi. So‘ngra Caroline Milow GIZ moliyalashtirgan “Markaziy Osiyoda chegaraviy suv resurslarini boshqarish” mavzusidagi loyihaning maqsadi, vazifalari va olingan natijalari haqida batafsil to‘xtab o‘tdi. Mehmonlarda loyiha doirasida savollarga batafsil javob berildi. Institut rahbariyati ham mavzuga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Institut rektori tomonidan tashrif buyurgan mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini izhor qilishdi va ularga institut logotipi tushirilgan lagan va esdalik sovg‘alar berildi. Tarixiy voqeadan esdalik sifatida Germaniyalik mehmonlar va institut rahbariyati bilan birgalikda sur’atga tushshdi. So‘ngra mehmonlar “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” kafedrasining GIZ moliyalashtirgan “Suvdan avtomatlashgan tarzda foydalanish” ilmiy-amaliy laboratoriyasi bilan tanishdi. Ushbu kafedraning magistranti E’zoz laboratoriyaning ishlash jarayoni va afzalliklari xususida kengroq tushuncha berdi hamda amalda sinab ko‘rsatildi. Institut va Germaniya tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilgan loyihalar mehmonlarda ijobiy taassurot qoldirdi. Albatta, bunday hamkorlikni yanada kuchaytirish va loyihalar sonini oshirishni tavsiya etishli.

 

DAAD konsultanti Saymen Kretshmerning rasmiy tashrifi

Uchrashuvda institut rektori prof. O‘.Umurzakov, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor A.Salohiddinov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sh.Raxmonov va DAADning konsultanti Saymen Kretshmer qatnashdilar. Uchrashuv ochiq va iliq muhitda olib borildi. Saymen Kretshmer TIQXMMI haqida ko‘p bora eshitgani va nihoyat tashrifidan mamnun ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Janob Kretshmer TIQXMMIning xalqaro faoliyatini yuksak baholab, Germaniyadan professorni jalb qilish ishlarida amaliy yordam berishlarini aytib o‘tdilar.

Saymon O‘zbekiston Milliy universitetidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Germaniyadan professorni jalb qilish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berib o‘tdi. Shu o‘rinda institutimiz rektori kelishi mumkin bo‘lgan professor yoki dotsentga qo‘yiladigan talablarni batafsil yoritib berdi. Shuningdek, institutimiz rektori ta’limdagi islohotlarni yanada jadallashtirish uchun rektor maslahatchisi lavozimiga ham nomzod tanlanayotganini ta’kidlab o‘tdi. Ushbu nomzodni SES tashkiloti orqali jalb qilish mumkin ekanligi e’tirof etildi. Umuman uchrashuv do‘stona tarzda bo‘lgani bois har ikki tomon ham o‘zaro qoniqish hosil qildi.