Axborot-resurs markazi – madaniyat va ta`limning poydevoridir

 “TIQXMMI” MiIliy tadqiqot universitetining Axborot - resurs markazi Oʻzbekistondagi eng yirik universitet markazlaridan biridir. 2023-yil 16-oktyabr kuni “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti”da yangi, zamonaviy ARMning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ochilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Alisher Navoiy nomidagi  O‘zbekiston milliy kutubxonasi va respublikamizning boshqa ARMlari vakillari ishtirok etdilar.  Ochilish marosimini universitet rektori B.S. Mirzayev boshlab berdi. U mehmonlarga nutq so'zlab, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Axborot-resurs markazi tashkil topishining eng muhim tarixiy bosqichlari to`g`risida ta`kidlab o`tdi. Axborot-resurs markazi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti fondlari zaminida 1934 yil 1 dekabrda tashkil topgan. 1941 yilning o‘rtalariga kelib, kutubxonada o‘quv jarayonini to‘liq ta’minlash imkonini beruvchi 150 ming nusxadan  ortiq kitoblar mavjud edi.

1941-1945 urush yillarining og‘ir qiyinchiliklari vaqtida ham kutubxona o‘z instituti, shu bilan bir qatorda Toshkentga ko‘chirib keltirilgan Moskva Gidromelioratsiya instituti, Leningrad Elektrotexnika instituti va Xarkov Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish institutining o‘quv jarayonlarini adabiyotlar bilan ta’minlab turdi. Urushdan keyingi yillarda ham kutubxona fondi hisobidan 5 mingdan ortiq adabiyotlar nemis-fashist bosqinchilaridan ozod etilgan joylardagi kutubxona-larning fondini qayta tiklash uchun jo‘natildi. Urushdan so‘ng, universitetda yangi fakultet va kafedralarning ochilishi, talabalar sonining ko‘payishi sababli, kutubxona o‘z oldiga fondni yangi adabiyotlar bilan to‘ldirish vazifasini qo‘ydi. Bu yillarda kutubxona fondi 200 ming nusxadan oshib, kitobxonlarning talablarini bajarish ishlari yaxshilandi. 1960 yillarda institutning yangi o‘quv binolarini ishga tushirilishi, kutubxona kitob saqlash maydonining 819 kv metrga kengayishiga olib keldi. Talabalar shaharchasida “O‘quv zali”, Andijon shahridagi institut filialida “Kutubxona bo‘limi”, o‘quv xo‘jaligi qoshida “Tayyorlov bo‘limi tinglovchilari uchun o‘quv kurslari”ning ochilishi munosabati bilan ularga xizmat qiluvchi kutubxona ham tashkil etildi. 1970 yillarga kelib institutda talabalar sonining ortib borishi, yangi fakultet va mutaxassisliklarning ochilishi munosabati bilan kutubxona institut soxalariga oid, o‘quv-tarbiya jarayonini, hamda institut olimlarining ehtiyojini yetarli darajada qondira oladigan 469 ming nusxadan iborat bo‘lgan kitob fondiga ega bo‘ldi. Mustaqillikning birinchi kunlaridan boshlab kutubxona o‘z fondini davlat standartiga mos bo‘lgan, barkamol avlodni shakllantirishga yo‘naltirilgan, demokratik, xuquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ko‘p qirrali mafkurani aks ettiruvchi o‘zbek tilidagi, bevosita lotin alifbosidagi adabiyotlar bilan ham boyitib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 30 martdagi 150 sonli «Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori bilan TIQXMMI Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (TIMI) deb shakllantirilgan, 2004 yilning 15 aprelidagi institutning 187 a/f raqamli buyrug‘iga asosan kutubxona «Kutubxona-resurs markaziga» o‘zgartirilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 20 iyundagi «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-381 sonli qarori, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining 2006 yil 9 dekabrdagi 295 sonli buyrug‘i, xamda institut rektorining 2007 yil 7 fevral 21a/f – sonli buyrug‘iga  asosan «Kutubxona-resurs markazi» «Axborot-resurs markazi»ga (ARM) o‘zgartirilgan.

Kutubxonaning tashkil etilishi va rivojlanishi, uning erishgan yutuqlari, turli yillarda ishlagan hamda o’zlarining sermazmun mehnatlari bilan qishloq va suv xo’jaligi sohasida injener kadrlarni tayyorlashga katta hissa qo’shgan insonlar nomi bilan uzviy bog’liqdir. Shunday insonlardan kutubxonaning birinchi direktorlaridan bo’lmish (N. X. Asfendiyarov), etakchi mutaxassislaridan (K. S. Guseva), (V. N. Chernikov), (Surnina V. A.), (N. V. Petrova),  R. D. Klimkina, (F. X. Yangayeva),  B.U. Tashkuziyeva, V. M. Sadovnikova, M. N. Xodjayeva, V. I. Makova, Zabotin N. N., Milichenkova N. Yu., Axmedova M. X., Mustayapova N. T. va boshqalarni yodga olish joizdir.