img
08/11/2021

Universitet kengashi

Universitet kengashi kotibi

Yulchiyev Davronbek Gulamovich

universitycouncil@tiiame.uz

+998971-237-19-36

 

 

 

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Kengashi to‘g‘risida

NIZOM

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5847-son Farmoni va 2021 yil 10 dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-42-son Qarori hamda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Boshqaruv kengashi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq universitet Kengashi faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

I. Umumiy qoidalar

1. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining (keyingi o‘rinlarda Universitet deb yuritiladi) faoliyatiga tegishli asosiy masalalarni ko‘rib chiqish uchun rektor raisligida Universitet Kengashi (keyingi o‘rinlarda Kengash deb yuritiladi) tashkil etiladi.

2. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining hay’at qarorlari va buyruqlari, Boshqaruv kengashi qarorlari, Universitet Ustavi va ushbu Nizomga, shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

3. Kengash o‘z ish faoliyatini qonuniylik, amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq oshkoralik, mustaqillik, masalalarni erkin muhokama qilish, kollegiallik va yakkaboshchilikning uyg‘unlashuvi, jamoa fikrini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiradi.

4. Kengash tarkibi rektor, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, tarkibiy bo‘limlar, markaz va boshqarma boshliqlari, shuningdek, universitet tasarrufidagi ta’lim muassasalari rektor (direktor)lari, jamoat tashkilotlari rahbarlari, universitet talabalari vakillaridan tashkil etiladi. Professor-o‘qituvchilar tarkibidan Kengashga saylanuvchi a’zolarning soni rektorning buyrug‘i bilan belgilanadi. Kengash tarkibiga universitetda muayyan yo‘nalishlarda ishlayotgan yirik olimlar va mutaxassislar ham kiritilishi mumkin. Kengashning vakolat muddati – 5 yil.

5. Kengash tarkibi rektorning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Har o‘quv yilining boshida, turli sabablarga ko‘ra Kengash tarkibidan chiqqanlar o‘rniga, yangi a’zolar Nizom bo‘yicha saylanib a’zolar ro‘yxatiga kiritiladi.

II. Kengashning maqsad va vazifalari

6. Kengashning maqsadi – Universitet jamoasi say’-harakatlari, intellektual salohiyati va boshqa barcha imkoniyatlari asosida O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash, oliy ta’limning davlat ta’lim standarti talablari darajasida mukammal bilim, malaka ko‘nikmalariga ega bo‘lgan gidroenergetika, irrigatsiya, melioratsiya, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalar, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, geodeziya va geoinformatika, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlarida professional mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirishdan iborat.

7. Kengash:

  • malaka talablari, o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlaydi, shuningdek, ta’lim tilini hamda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim olish shaklini belgilaydi;
  • universitetda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining buyruq va hay’at qarorlarining bajarilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati hamda Kengash qarorlarini bajarilishini tahlil qiladi va tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • 2021 yil 10 dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun muhandis kadrlarni tayyorlash tizimini innovatsiya va raqamlashtirish asosida tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-42-son Qarori bilan tasdiqlangan maqsadli dasturda belgilangan vazifalarning bajarilishini muhokama etib boradi;
  • universitetda Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar natijalarini tahlil qiladi, faoliyatini muvofiqlashtiradi va tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • fakultetlarning o‘quv tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy tadqiqot ishlari to‘g‘risidagi, Qabul komissiyasining qabul natijalari to‘g‘risidagi, shuningdek, marketing xizmatining iqtisodiyot tarmoqlarining bitiruvchi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji, buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi hamda ularning istiqbolli rejalarini ko‘rib chiqib tasdiqlaydi va tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • universitet tasarrufidagi Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti, Fundamental va amaliy tadqiqotlar instituti, Paxtaobod qishloq xo‘jaligi texnikumi, Qumqo‘rg‘on agrosanoat texnikumi, Beshkent qishloq xo‘jaligi texnikumi, “Inter-Xaus-Tashkent” akademik litseyi, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti huzuridagi akademik litsey hamda Aniq fanlarga ixtisoslashgan maktabning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi va istiqbolda faoliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha chora tadbirlar rejasini tasdiqlaydi va tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • prorektorlarning faoliyati bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi, muhokama qiladi va istiqbolli rejalarini ko‘rib chiqib tasdiqlaydi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
  • ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy ishlar rejalarining ijrosi, professor-o‘qituvchilar tarkibini malaka oshirish va qayta tayyorlashdagi masalalarini muhokami qiladi va tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • “Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq professor-o‘qituvchilar lavozimlarini egallash uchun tanlovlar o‘tkazadi;
  • professor-o‘qituvchilarning faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqadi va natijalarini muhokama qilib tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • professor, dotsent va katta ilmiy xodim ilmiy unvonlarini olishga talabgorlarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va belgilangan tartibda ilmiy unvonlar berishga tavsiya etadi;
  • ta’lim jarayonining o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlanganligini, yangi avlod darslik, o‘quv qo‘llanmalari va monografiyalar, shuningdek, innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llashga asoslangan o‘quv-uslubiy majmualarni tayyorlash va nashrga tavsiya etish masalalarini muhokama qiladi va tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llay oladigan va ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni universitetda shartnoma asosida dars berishlariga sharoit yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi;
  • ta’lim xizmatlari bozoridagi talabni inobatga olgan holda hamda ta’lim olish shakliga asosan to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatlarini belgilaydi;
  • talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilaydi va sharoitga qarab o‘zgarishlar kiritadi;
  • doktorantlar, tayanch doktorantlar, maqsadli doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar xamda stajyor-tadqiqotchilarning tegishli ixtisosliklar bo‘yicha dissertatsiya mavzulari va ularning ilmiy rahbar, maslahatchilarini hamda dissertatsiya ishini tayyorlashning yakka tartibdagi rejasi va tanlangan ixtisoslik bo‘yicha nazariy metodologik kursning o‘quv rejasini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
  • bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari himoyasi hamda ixtisoslashgan fanlararo faoliyat yuritgan “Davlat attestatsiya komissiyasi” raislarining hisobotlarini eshitadi hamda tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • universitetning ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilari va xodimlarini erishgan natijalari bo‘yicha ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatini rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha haq to‘lov miqdorini belgilash bo‘yicha Ishchi komissiyaning xulosasini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
  • “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida yosh olimlar va professor-o‘qituvchilar tarkibidan nomzodlarni xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktoranturada o‘qishga yuborishga tavsiya etadi;
  • universitet iqtidorli talabalari, magistrant va doktorantlar, mustaqil tadqiqotchi-izlanuvchilari safidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi va nomli Davlat stipendiyalari tanlovlarida ishtirok etishga nomzodlarni, shuningdek, turli jamg‘armalar hisobidan ularni xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda tahsil olishi, malaka oshirishi bo‘yicha nomzodlarni tavsiya etadi;
  • har o‘quv yili uchun aniqlangan professor-o‘qituvchilar shtat birliklarini amaliyotga kiritish me’yorlarini belgilaydi va tasdiqlaydi;
  • o‘z mablag‘lari hisobidan talabalar uchun nomdor stipendiya va grantlarni ajratishdagi tanlov natijalarini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish, universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish, bitiruvchilarning respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida (ilmiy markazlarda) magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
  • asosiy buyurtmachi tashkilot, korxona va muassasalar bilan korporativ hamkorlikni rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda talabalarning malakaviy amaliyotining samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qiladi va ularni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
  • universitetda faoliyat yuritayotgan jamoat tashkilotlarining hisobotlarini muhokama qiladi va tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • bo‘sh turgan bino va inshootlarda pullik xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilaydi va tasdiqlaydi;
  • universitet talabalari va xodimlarining texnika xavfsizligi va mehnat muhofazasisini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlarni o‘rganib chiqadi va uning ijrosi natijasini muhokama qiladi;

2022-2023 o‘quv yilidan boshlab:

a) akademik mustaqillik sohasida:

  • tegishli ixtisosliklarda ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish hamda respublikadagi boshqa oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan ilmiy unvon va ilmiy darajalarni tan olish, shuningdek, doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlaydi;
  • ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar tuzadi va ularning tarkibini tasdiqlaydi hamda faoliyatlari bo‘yicha hisobotlarini eshitib tegishli qarorlar qabul qiladi;
  • bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun ta’lim davomiyligi muddatini belgilaydi;
  • doktoranturada to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymatini belgilaydi, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qo‘shimcha ravishda talabgorlarni qabul qilishga ruxsat beradi;
  • magistratura bosqichida ta’limning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etish, shuningdek, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘sh malakalar hamda kasbiy malakalar berish tizimini joriy qilishni belgilaydi;
  • o‘zaro kelishuvlar asosida oliy ta’lim muassasalari bilan ichki akademik mobillikni amalga oshirishni tashkil etishga ruxsat beradi;
  • universitet va uning tasarrufidagi ta’lim muassasalari uchun o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etishga ruxsat beradi;

     b) tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida:

  • ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilaydi va joriy etishga ruxsat beradi;
  • faoliyatining asosiy yo‘nalishi ta’lim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etishni o‘rganib chiqadi va ruxsat beradi;
  • pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilaydi;
  • xorijiy davlat fuqarolarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish va masofaviy ta’lim olish shaklida o‘qitishni tashkil etilishini o‘rganib chiqadi va ruxsat beradi.

III. Kengash faoliyatini tashkil etish

8. Kengash o‘z faoliyatini har o‘quv yili uchun ishlab chiqiladigan rejaga muvofiq amalga oshiradi. Kengash ish rejasi Kengash yig‘ilishida ko‘rib chiqilganidan so‘ng universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi.

9. Universitetning o‘quv, ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy ishlarga doir barcha masalalar bo‘yicha Kengash qarorlari ochiq ovoz berish tartibida ko‘pchilikning ovozi bilan qabul qilinadi. Kengash majlisi uning tarkibidagi a’zolarining 2/3 qismi ishtirok etgandagina haqiqiy hisoblanadi.

Kafedra mudirligiga hamda professor-o‘qituvchilarni tarkibiy lavozimlarini egallashlariga, professor yoki dotsent ilmiy unvonlariga tavsiya etish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlar va taqdimnomalar yuzasidan qarorlar yopiq ovoz berish asosida belgilanadi va ochiq ovoz berish asosida tasdiqlanadi.

10. Kengash qarorlari Kengash raisi, universitet rektori tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng kuchga kiradi.

11. Kengashning yig‘ilish majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomalar Kengash raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.

12. Kengash raisi muntazam ravishda Kengash qarorlarining bajarilishi bo‘yicha tekshiruv tashkil etadi va Kengash a’zolariga ularning natijalari haqida axborot beradi.

 

Kengash Nizomi Universitet kengashining 2022 yil “24” fevraldagi “6”- sonli yig‘ilishida muhokama qilindi va tasdiqlandi.