img
22/10/2021

Universitet tarixi

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti 1923 yilda Turkiston Davlat Universiteti Texnika fakultetining Gidrotexnika bo‘limi Melioratsiya muhandisligi fakultetining tuzilishidan boshlangan. 1923 yilda 24 nafar talaba agronom, 16 nafar talaba gidromelioratsiya muhandisi sifatida universitetni tamomlab birinchi bitiruvchilari bo‘lishgan.

1929 yili Melioratsiya muhandisligi fakulteti negizida mexanika qurilishi va suv xo‘jaligi fakultetlari ochilib O‘rta Osiyo paxtachilik irrigatsiya politexnika instituti tashkil etildi. Universitetni tashkil etilishi Respublikaning qishloq va suv xo‘jaliklari xodimlariga bo‘lgan kuchli ehtiyojni qondira boshlagan. Shu vaqtlarda o‘rta Osiyo respublikalarida yer suv islohotining amalga oshirilishi hamda irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirishning yanada rivojlantirilishi yaxlit oliy texnika o‘quv mexanizatsiyasining tashkil etilishini taqozo qilgan.

1934 yilda o‘rta Osiyo irrigatsiya muhandislari va texniklari instituti o‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti nomi bilan birlashtirilib shu yilning 11 noyabridan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetiga aylantirilgan. Dastlab uning tarkibida ikkita gidromelioratsiya va mexanizatsiya fakultetlari bo‘lgan. Ulug‘ vatan urishidan keyingi davrda mamlakatning qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotida yuksalish ro‘y berdi, yangi tarmoqlar ochila boshladi. Universitetda esa yer qurilishi 1945 yilda, gidromelioratsiya ishlarini mexanizatsiyalashtirish 1946 yilda, gidroenergetika qurilishi 1946 yilda, qishloq xo‘jaligi mashinalarini ta’mirlash texnologiyasi va uni tashkil etish 1974 yilda, umummuhandislik 1979 yilda fakultetlarini ochilishi O‘zbekistonda iqtisodiy ijtimoiy o‘sish bilan chambarchas bog‘liq.

Mustaqillik yillariga kelib universitetning rivojlangan xorijiy davlatlar universitetlari bilan o‘quv ilmiy tajribalar almashishlari bo‘yicha hamkorliklar rivojlandi. Universitetda o‘qitiladigan fanlarning o‘zbek tilidagi adabiyotlari yaratildi talaba yoshlarni tillarni o‘rganishga, chet el oliy ta’lim muassasalarida o‘qishlarini davom ettirishlariga keng imkoniyatlar yaratildi, jumladan iqtidorli talabalarni qo‘llab quvvatlash maqsadida joriy etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi, “Beruniy”, “Navoiy” nomidagi davlat stipendiyalari tanlovida hozirga qadar qishloq va suv xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha 100 nafardan ortiq talabalarimiz sovrindor bo‘lishgan. 2004 yil 30 martda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining qarori bilan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari instituti Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutiga aylantirildi. Institut hozirgi kunlarda tom ma’noda yangi mas’uliyatli davrni boshidan kechirmoqda. Respublikada qishloq va suv xo‘jaligi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash dolzarb masala hisoblanadi. Hozirda universitetda 12300 dan ortiq talaba 40 ta’lim yo‘nalishi, 32 magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 7 ta fakultetda ta’lim olib kelmoqdalar. Universitetda ularga 35 ta kafedrada 410 nafar malakali professor o‘qituvchilar ta’lim berishib, ularning 70 nafari fan doktori, professorlar, 195 nafari fan nomzodi, PhD, dotsentlardir.

Universitet zamon talablariga javob beradigan beshta o‘quv, uchta o‘quv laboratoriya binolari, zamonaviy o‘quv ilmiy markazlar, umumiy fondi 700 ming o‘ringa yaqin axborot resurs markazi 2400 o‘rinli 3 ta talabalar uyi, 460 o‘rinli talabalar oshxonasi va istirohat bog‘iga ega. Universitet jamoasining asosiy e’tibori ta’lim to‘g‘risidagi qonun va kadrlar tayyorlash milliy dasturining vazifalaridan kelib chiqib bozor iqtisodiyoti sharoitida suv xo‘jaligi uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Universitet “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va kadrlar tayyorlash milliy dasturidan kelib chiqib, bozor iqtisodiyoti sharoitida qishloq va suv xo‘jaligi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga asosiy e’tiborni qaratmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PQ-3003-son Qaroriga muvofiq “Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti” Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga aylantirildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 10-dekabrdagi  “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsiyalar va raqamlashtirishga asoslangan muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-42 sonli Qarori bilan institut “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetiga aylantirildi.