TIQXMMI yangiliklari

img
04.07.2023

Faoliyat va qobiliyatga munosib rag‘bat

Iste'dod jamiyatning rivoji, mamlakat taraqqiyoti va ilm-fan rivojiga xizmat qilarkan, uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni ham doim e'tiborga molik. Davlatimiz rahbari tomonidan tashabbuskor va faol insonlarga e'tibor va ehtiromning yorqin namunasini yaqinda topshirilgan mukofotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun - Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi yo‘llab, faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotladi. Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizni munosib rag‘batlantirish qaroriga binoan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetining tayanch doktoranti Melikuziyev Sarvarbek Maxmud o‘g‘li «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Bugun ertalab Rektorat yig‘ilishida Universitetimiz rektori, professor Mirzayev Bahodir Suyunovich Sarvarbek Melikuziyevga Prezidentimiz tomonidan imzolangan mukofotni – guvohnoma va ko’krak nishonini topshira turib, unga kelgusi ilmiy ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Rektorat a’zolari ham nishondorni qizg’in muborakbod etishdi.

         Universitet matbuot xizmati