TIQXMMI yangiliklari

img
23.05.2023

O‘zbekiston-Vengriya oliy ta'lim muassasalari rektorlari II forumi

Barchaga ma’lumki, 19-may kuni Vengriyaning poytaxti Budapesht shahrida O‘zbekiston-Vengriya oliy ta'lim muassasalari rektorlari II forumi o‘tkazildi. Xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi OTM rektorlari, prorektorlari hamda mas'ul rahbarlardan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

 

Xalqaro anjumanni Vengriya Madaniyat va innovatsiyalar vazirligi,Innovatsiyalar va oliy ta'lim bo‘yicha davlat kotibi, professor Balázs Hanko kirish so‘zi bilan ochib, tashrif buyurgan mehmonlarni samimiy qutladi va ushbu forum ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.

  Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan so‘zga chiqqan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan rektorlarning birinchi forumi natijasida universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari sezilarli darajada kengayganini ta'kidlab, bu galgi forum ishida ham muhim kelishuvlarga erishilishini qayd etdi. Anjumanda so‘z berilganlar Vengriya va O’zbekiston o’rtasidagi oliy ta'lim sohasidagi hamkorlik aloqalari, uning yutuqlari va istiqbollari haqida to‘xtaldi.

 

  Forumda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy Tadqiqot Universiteti  rektori prof.Mirzayev Baxodir Suyunovich , Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent Davlat Texnika universiteti, Toshkent Davlat Sharqshunoslik, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kabi 13 ta oliy ta'lim muassasalari rektorlari chiqishlar qildi.

 

   Ta'kidlash joizki, ikki mamlakat o‘rtasidagi Birinchi rektorlar forumi natijalarida imzolangan shartnomalar va memorandumlar asosida O‘zbekistonlik talabalar va doktorantlar Vengriyada tahsil olish va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.