TIQXMMI yangiliklari

img
15.02.2023

Bobur kabi seving Vatanni

Joriy yilning 14 fevral kuni “TIQXMMI” MTU psixologi M.K. Muhammedova va GM fakulteti tyutori  G.Ahmedjanovalar hamkorlikda GM fakulteti 1 kurs 110-guruh  talabalari bilan “Ajdodlar o'giti” mavzusida tadbir tashkil etishdi. Jahon tarixida o'chmas iz qoldirgan betakror siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda sifatida butun dunyoda ma'lum va mashhurdir. Uning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi nafaqat milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o'ringa ega ekani, shoirning o'zbek tili va adabiyoti rivojiga qo'shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma'naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda buyuk mutafakkir ijodining ahamiyati borasida fikrlar yuritildi. Tadbirda mustaqillik davrida Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o'rganish, uning asarlarini yurtimiz va xorijiy davlatlarda targ'ib qilish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, shoir tug'ilgan kun – 14 fevral sanasi har yili mamlakatimiz bo'ylab adabiyot va ilm-ma'rifat bayrami sifatida nishonlanayotgani haqida qiziqarli ma'lumotlar berib o'tildi.

Ma'rifiy tadbir davomida talabalar tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub she'r va g'azallar o'qildi. Talabalarning savodxonlik darajalarini aniqlash maqsadida so'rovnoma olinib, javoblari muhokama qilindi va savodxonlikning inson hayotidagi roli borasida suhbatlashildi. Yig'ilishda ilm olish, savodxonlikni oshirishning foydali xususiyatlari haqida diniy va dunyoviy tomondan tushunchalar berilib, J.Rumiy, Naqshbandiy, Z.M.Bobur va A.Navoiylarning tafakkurni rivojlanishi, dunyoqarashning kengayishiga ta'sir etuvchi misralaridan misollar keltirilib o'tkazilgani talabalarga juda ma'qul keldi. Maqsadimiz talabalar qalbida ajdodlarimiz merosiga hurmat uyg'otib, ular kabi ilmli ma'rifatli, madaniyatli va vatanparvar bo'lishga chorlash edi. Tadbir so'ngida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan minnatdorchiliklardan ma'lum bo'ldiki oldimizga qo'ygan maqsadimiz amalga oshdi. Bu quvonarli holatdan barchamiz mamnunmiz va talaba yoshlarimiz ajdodlarimiz kabi buyuk, o'z ishining ustasi bo'lib, Vatanimiz ravnaqiga o'z hissalarini qo'shadigan yetuk kadrlar bo'lib yetishishlaridan umidvormiz. 

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati