TIQXMMI yangiliklari

img
20.06.2024

“BITIRUVCHI - 2024” tadbirida

        Bugun Universitetimizning madaniyat saroyida quvonchli va hayajonli daqiqalarga boy bo‘lgan tadbir tashkil etildi.  Madaniyat saroyidagi katta ekranda “Bitiruvchi - 2024” yozuvi tushirilgan zastavka o‘rnatilgan va o‘ziga xos, tadbirga mos dekoratsiyalar bilan bezatilgan.

       Zalda rektorat a’zolari, fakultet jamoasi, professor-o‘qituvchilar, talabalar va ularning ota - onalari va barcha yaqinlari bilan jamuljam.

        Universitetimizning o‘zagi va o‘zani bo‘lgan "Gidromelioratsiya" fakultetida yetuklik diplomlarini topshirish tadbiri tantanali tarzda boshlandi. Fakultet jami 305 ta bitiruvchi (shulardan 10 tasi qizil, 295 tasi ko‘k) diplomlarini qabul qilishga hoziru nozir bo‘lib turgan yoshlarni qutlash maqsadida universitet rahbariyati nomidan O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Xudoyorov Baxtiyor Alimovich minbarga taklif etildi.

 

         Bitiruvchilar va ularning ota - onalari tabriklandi. Hayotning o‘zi sinovli dovonlar orqali ilgarilanma harakat ekan, u shu yo‘l bilan insonni toblaydi, sinaydi ham. Bugungi bitiruvchi yoshlar, ilk bor universitetga kirganlari butun dunyoga qutqu solgan Pandemiya davriga to‘g‘ri kelgandi. Ana shunday ijtimoiy-tabiiy ofatdan orqaga chekinmasdan bir lahza bo‘lsada, ta’limni, bilim olishni kanda qilmasdan, Prezidentimiz tomonidan olib borilgan siyosat, ta’lim tizimida yaratilgan sharoit va yo‘l - yo‘riqlar bois bu sinovdan omon - eson o‘tib olindi.

“Xuddi shu muddat mobaynida Universitetimizning nafaqat milliy, balki dunyoviy reyting ko‘rsatkichlaridagi muvaffaqiyatlarida ustozlaringiz qatorida o‘zlashtirish ko‘rsatkichlaringiz yuqoriligi bilan sizlarning ham alohida o‘rningiz borligini ta’kidlashni istardim”, - dedi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor.

Samimiy tabrikdan so‘ng GM fakultetining dekani Ishchanov Javlonbek Qurbanboyevich bilan birgalikda yetuklik diplomi egalariga topshirildi.

Bitiruvchilar va ularning barcha yaqinlari tomonidan bildirilgan minnatdorlik izhorlari universitetimiz dotsenti Abduhakim Ahmedovning “Talabalik davrim mening” degan qo‘shig‘i bilan uyg‘un holda tadbir yakuniga yetdi.

UNIVERSITET MATBUOT XIZMATI