TIQXMMI yangiliklari

img
13.06.2024

Universitetimiz yana bir Xalqaro reytingda top-1000 talikda!

Joriy yilning 10-13 iyun kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida “Times Higher Education” (THE) Xalqaro reyting agentligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) (Sustainable Development Goals – SDG) bag’ishlangan xalqaro kongress tashkil etildi. Ushbu kongress ko’rgazma zalida O’zbekiston OTMlari pavilioni tashkil etilgan bo’lib, unda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti delegatsiyasi a’zolari – Xalqaro reyting bo’limi boshlig’i Ilxom Abduraxmanov hamda bo’lim bosh mutaxassisi Shukurilloxon Ismonov universitet ko’rgazmasi bilan ishtirok etishmoqda.

Mazkur kongressda ishtirok etishdan ko’zlangan asosiy maqsad – universitetimiz faoliyatini, shuningdek, universitetda BRM bo’yicha amalga oshirilgan ishlar bilan kongress ishtirokchilarini tanishtirish, bu bo’yicha dunyodagi ilg’or universitetlar tajribasini o’rganish, kongressda ishtirok etayotgan OTMlar bilan xalqaro hamkorlik aloqalarini o’rnatish va rivojlantirish va bu orqali universitetning xalqaro reytinglardagi o’rnini yanada oshirishdan iborat.

Mazkur kongressda THE reyting agentligi tomonidan “THE Impact Ranking” natijalari e’lon qilindi. Unga ko’ra, universitetimiz dunyoning Top-1000 talik universitetlari qatoridan joy oldi va top-601 o’rinni qayd etdi.

Ushbu reyting tizimi BMT tomonidan belgilangan 17 ta BRMga yoʻnaltirilgan universitetlarning faoliyatini baholashga qaratilgan boʻlib, “TIQXMMI” MTU ushbu reytingda quyidagi BRM (SDG)lar bilan ishtirok etdi va dunyo universitetlari orasida har biri boʻyicha 2023 yilgi natijalarini sezilarli darajada yaxshilashga muvaffaq bo’ldi:

SDG 2-Zero Hunger (ocharchilikka yo’l qo’ymaslik) – 59 oʻrin (2023 yilda 101-200)

SDG 6- Clean water and sanitation (toza suv va sanitariya) – 101-200 oʻrin (2023 yilda 201-300)

SDG 7- Affordable and clean energy (arzon va toza energiya) – 81 oʻrin (2023 yilda 301-400)

SDG 13- Climate action (iqlim harakati) – 101-200 oʻrin (2023 yilda 201-300)

SDG 17- Partnership for the goals (maqsadlarga erishish yo’lida hamkorlik) – 400-600 oʻrin (2023 yilda 601-800)

OVERALL (umumiy) – 601 oʻrin (2023 yilda 1001+)

 

Universitet matbuot xizmati