TIQXMMI yangiliklari

img
24.05.2024

Zamonaviy oilada ayol

Joriy yilning 23-may kuni universitet xotin-qizlar maslahat kengashi rejasi asosida “15-may - Xalqaro oila kuni” munosabati bilan “Energetika” fakulteti talaba-qizlari oʻrtasida “Zamonaviy oilada ayol” mavzusida suhbat boʻlib oʻtdi. Ushbu suhbat bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatda tutgan oʻrni, maʼnaviy yetuk boʻlishlari, bilim olishlari va kasb-hunar egallashlariga katta eʼtibor qaratish, ularning faolligini qoʻllab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar maʼnaviyatini yuksaltirishda yoshlarga tarbiyaviy taʼsir oʻtkaza oladigan obroʻ-eʼtiborli, katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan, faol, tashabbuskor ayollarning saʼy-harakatlarini birlashtirish ularga shart-sharoitlar yaratish maqsadida oʻtkazildi.

Talaba-qizlarga fakultet xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi Ch.Oxunboboyeva, tyutor D.Hudoyberganova, TJAB kafedrasi assistenti D.Abdullayevalar tomonidan jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish, ezgu gʻoyalar, milliy qadriyatlar, urf-odatlar, muqaddas anʼanalarni singdirishga qaratilgan tavsiyalar berildi.

Bugun zamonaviy ayol iborasi tez-tez quloqqa chalinyapti. Xoʻsh, zamonaviy ayol, deganda qaysi fazilatlari bor xotin-qizlarni koʻz oldimizda qiyofalantiramiz. Zamonaviy ayol oiladagi va jamiyatdagi vazifalariga birdek masʼuliyat bilan qaraydi. Mehribon ayol, ona va oqila rahbar xodim vazifasini aʼlo darajada bajara oladi. Ish bilan birga ayollarga xos pazandalik, sarishtalik, chevarlik, qarindosh-urugʻlar bilan munosabatni ham toʻgʻri yoʻlga qoʻya oladi. Ayol uchun oila muqaddas ekanligini har doim va har on yodida saqlaydi. Shu fazilatlari bilan atrofidagilarga oʻrnak boʻla oladi. Zamonaviy ayol iqtisodni ham siyosatni ham yaxshi tushunadi, jarayonlarni toʻgʻri tahlil qilib, xulosa chiqara oladi.

Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalar talabalarga manzur boʻlib, ular tomonidan shu kabi davra suxbatlarini doimiy o’kazib turish toʻgʻrisida takliflarini bildirishdi.

 Xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi Ch.Oxunboboyeva axboroti

Universitet axborot xizmati