TIQXMMI yangiliklari

img
20.05.2024

“Felder Group dastgohlarida duradgorlik mahsulotlari va mebel ishlab chiqarish asoslari” nomli o’quv kursi faoliyatini boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyundagi “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5155-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-fevraldagi “Yog‘ochsozlik sanoati xom-ashyo bazasini mustahkamlash va sohani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 84-sonli qarori hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti va Avstriyaning “Felder Group” kompaniyasi o‘rtasida 2023-yil 27-iyunda rasmiylashtirilgan “Hamkorlik to‘g‘risida kelishuv”ga va Universitet rektorining 2024-yil 20-maydagi buyrug’iga asosan O‘zbekistonda yog‘ochni qayta ishlash va mebelsozlik sanoatini rivojlantirish uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida “Qurilishni tashkillashtirish va texnologiyasi” kafedrasida tashkil etilgan “Yog‘ochga ishlov berish innovatsion o‘quv markazi”da 2024-yil 20-maydan 7-iyungacha “Felder Group dastgohlarida duradgorlik mahsulotlari va mebel ishlab chiqarish asoslari” nomli o’quv kursi o’z faoliyatini boshladi. 

Xorijiy mutahasislar bilan hamkorlikda yaratilgan ta’lim dasturlari asosida: Klimkin Aleksey Gennadevich - MDH va Sharqiy Yevropa bo’yicha “Felder Group” kompaniyasining o‘quv dasturlari rahbari, Dobrendev Sergey Aleksandrovich - “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universiteti o‘qituvchisi, Tsaryov Pavel Evgenevich – “Felder Group” kompaniyasining MDH bo’yicha servis xizmati direktori ishtirokida ma’ruzalar, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar o’tkaziladi.  O‘quv kursi yakunida belgilangan tartibda tinglovchilarning olgan bilimi, ko’nikmalari nazoratdan o’tkaziladi va berilgan ma’lumotlarni to‘liq o‘zlashtirganlarga maxsus sertifikat taqdim etiladi.