TIQXMMI yangiliklari

img
11.05.2024

Ilmga kon, mehrga makon muallima

Umr soʻzi arab tilidan olingan boʻlib imorat degan soʻz bilan oʻzakdosh. Inson umri dovonlar osha ilgarilanma harakatdan iborat. Oʻzining hayoti va pedagogik faoliyati bilan shogirdlariga ibrat boʻlgan ustozlar doim eʼzozda.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari insituti” Milliy tadqiqot universiteti “Qishloq xoʻjalik mashinalari” kafedrasi professori, texnika fanlari nomzodi Muxayyo Shoumarova ana shunday nisbat sohibasidir.

Kuni kecha ustoz tavalludining 85 yilligi munosabati bilan   kecha tashkil  etildi. Kechaga ustozni qutlab nufuzli mehmonlar tashrif buyurdi. Jumladan, “Nuroniy” jamgʻarmasi boshqaruvi raisi, Oʻzbekiston qahramoni Sodiqjon Turdiyev hamda “Nuroniy” gazetasining bosh muhhariri Sharof Ubaydullayevlar tabrik soʻzlari bilan birga faxriy nishonni ham Muhayyo Shoumarova koʻksiga qadab qoʻyishdi.

      Keyin esa Respublika Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Avezimbetovich Sharipov vazirlikning koʻkrak nishoni bilan taqdirlab oʻzlarining iliq istaklarini izhor qildi. Soʻngra universitetimiz Rektori Bahodir Mirzayev jamoaning tabrigini yetkazish asnosida Muhayyo opaning portreti ishlangan tasvirni namoyish qilganda barcha qarsaklar bilan olqishladi.

M.Shaumarova Oliy taʼlim muassasasida ishlab, oʻzining olloh bergan fazilatlarini, imkoniyatlarini yorqin ochib, yoshlar uchun oʻrnak boʻladigan mohir ustoz darajasigacha yetib elga tanilgan. U bilim va mahoratini talabalar va yosh oʻqituvchilar orasida oʻta maʼnoli, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni, yaʼni oʻzbek xalqi ulugʻ ajdodlari qoldirgan boy meroslarining mohiyatini tushuntirish boʻyicha har xil tadbirlar olib borgan. Ular tomonidan yaratilgan oʻquv qoʻllanmasi va darsliklar ayni damlarda taʼlimiy jarayonda zaruriy manba sifatida ahamiyatlidir.

M.Shaumarova bilimdon tadqiqotchi, oʻziga hamda hamkasblariga nisbatan oʻta talabchan Oʻzbekistonda birinchi mexanizator olima ayoldir. Oʻz kasbiy mahoratini oshirish ustida uzluksiz ishlaydigan, kamtarin mehnatsevar inson, yoshlarning gʻamxoʻr murabbiysi, Vatan farovonligi yoʻlida tinimsiz mehnat qilayotgan jonkuyar shaxs.

M.Shaumarova Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi faxriy yorliqlari, Mustaqilligimizning 10 va 20 yilligi koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi.

Professor M.Shaumarova Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-oʻqituvchilari va talabalar orasida katta hurmatga sazovor, kamtarin shu bilan birga talabchan ustoz-murabbiydir.

Universitet jamoasi ustozga mustahkam sogʻlik va metindek iroda, oilasi va shogirdlari baxtiga doimo omon boʻlishlarini tilab qoladi.

  UNIVERSITET MATBUOT XIZMATI