TIQXMMI yangiliklari

img
19.02.2024

Akademik Sa’dulla Iskandarovichni qutlab

Ilm va ta’limni faoliyatiga jo etib o‘z umrining mazmuniga aylantira olgan ustodlar doim faxru iftixorimizdir. Ularning baxti - el yurtimiz uchun bilimli intellektual salohiyatli shogirdlarni yetkazish va oilasi bilan bir butun holda farzandu nevara-chevaralarning baxtu saodati, huzur-halovatini ko‘rib umrguzaronlik etishdir.

Hukumatimiz tomonidan ko‘p yillik mehnat faoliyatin inobatga olingan holda 2017 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” medali, 2023 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan ustoz, akademik Iskandarov Sadulla Iskandarovich ana shunday ehtiromli insonlardandir. Yuksak sharaf bilan 85 yoshni zabt etgan ustozning yubileyi munosabati bilan Yakkasaroy to‘yxonasida tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirda ustozning kasbdoshlari, shogirdlari va bir qator nufuzli mehmonlar hamda oila a’zolari ishtirok etishdi.

Tadbir oldidan Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning ustoz nomiga yo‘llagan qutlovini Prezident maslahatchisi Odil Abdurahmonov o‘qib eshittirdi. So‘ngra bir qator nufuzli mehmonlar, hukumat arboblari samimiy tilaklarini bildirgan holda muborakbod etishdi.

Jumladan, Sadulla Iskandarovich Iskandarov bir paytlari rektor sifatida faoliyat yuritgan hozirgi “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti jamoasi nomidan samimiy muborakbod etishdi. Universitetimiz rektori, professor Mirzaev Bahodir Suyunovich boshchiligidagi prorektorlar zahmatkash murabbiy, samimiy rahbar sifatida Sa’dulla Iskandarovichni qutlashdi. Ustozning portreti aks etgan polotno - portret va oppoq rangdagi zarbof to‘ndan Sadulla Iskandarovichning boshi ko‘kka yetdi va o‘z minnatdorchiligini bildirdi.  Ushbu hurmat-ehtiromning manbai aslida, quyidagi dil so‘zlarida ham o‘z zuhurini topgan.

Mamlakatimiz uchun yuqori malakali, yetuk mutaxassislar tayyorlashda, ularga ustozlik mehrini berishda ham ularning xizmatlari katta. Qat’iyatlilik, talabchanlik, bajarayotgan ishga mas’uliyat bilan yondashish, shogirdparvarlik kabi yaxshi fazilatlar ularda mujassam bo‘lganidan qalbimizda g‘urur tuyamiz.

Ta’lim muassasamizga rektorlik qilgan davrida institut moddiy-texnika baasini yaxshilash, o‘quv-tajriba xo‘jaligida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, shuningdek, Osiyo va Afrika mamlakatlari uchun soha kadrlarini tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatganlarining samarasi o‘laroq, o‘sha davrda institutning ikki marotabalab hukumat tomonidan e’tirof etilgani jamoamizning har bir a’zosi xotirasida yorqin sahifalar sifatida gavdalanadi.

Ustoz tarbiyalagan shogirdlar bugungi kunda Respublikamiz  ravnaqi uchun mehnat qilib, o‘zlarining ish faoliyatlarida bergan bilimlarini safarbar qilmoqdalar. Ular o‘zlari erishgan barcha yutuqlarda ustoz  mehnati borligidan faxrlanadilar.

Ularning rektorlik qilgan paytlarida amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy maqolalar, ixtiro uchun patentlarning ko‘pligi, sohadagi malakali kadrlarni tayyorlash hamda yoshlarni barkamol, yuksak ma’naviyatli etib tarbiyalash borasida salmoqli hissasi bo‘lganligini hech  kim inkor eta olmaydi.

Sobiq ittifoq davrida ta’lim muassasasiga Mehnat qizil bayroq nishonining berilishi ham ularning fidoyi va tashkilotchi bo‘lganligining belgisidir. Ta’lim tizimidagi rahbarlik salohiyati haqida ustozning o‘zlariga savol bilan murojaat etganimizda quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi.

“Boshqarish san’atida doimo odillik tarozisi kerak.  Tarozida vijdon uning posangisi bo‘lishini unutmaslik kerak. Qobiliyatli xodimni institut manfaatiga xizmat qildira olish, uni norozi qilmaslik, muhimi, uni ranjitmaslik kerak. Chunki, unda boshqalar unchalik uddasidan chiqa olmaydigan iste’dod yashirin. Uni yuzaga chiqarish, undan o‘rinli va unumli foydalana olish ham rahbarlik fazilatlaridan.

Ochig‘ini aytish kerakki, institutga rektor bo‘lganimda u ta’mirga muhtoj edi. Zudlik bilan tanishlarimni ishga solib kolxoz raislari va sovxoz direktorlarini yordamga chaqirardim. Ular qurilish va ta’mirlash ishlariga beminnat yordam berardi, ayrim talabalarga, muhtojlarga ko‘mak berar, ular seni unutmaydi deb a’lochi talabalarni homiylarga biriktirib qo‘yardim. Savob ishing qoladi dunyoda, ey, bu oddiy qoida, moddiy qoidani o‘ylamasdan xayrli ishlarga ham bosh - qosh bo‘l"-deb ayrim do‘stlarimizga hazil-huzul qilardim. Aksari hollarda ular bu maslahatimni rad etishmasdi.

Inson bunyodkor bo‘lishi, o‘zi o‘qigan va ishlagan joyni kichik vatan deb bilishi va muqaddas tutishi kerakligini davrning o‘zi ko‘rsatayapti. Bu esa ulug‘ vatanga bo‘lgan mehrli munosabatning ibtidosi va muhridir desak, xato bo‘lmaydi. Suv va qishloq xo‘jaligi sohasining rivoji borasida ezgu ishlarni amalga oshirayotgan davlat rahbaridan  Shavkat Miromonovichdan ibrat olsa bo‘ladi. Bu borada u mehr qo‘ygan, e’tibor qozongan sinashta shogirdlarimdan desam, to‘g‘ri bo‘lardi.

Tasavvur qiling. Sobiq ittifoq paytida 111 ta ta’lim muassasasi, jumladan, irrigatsiya istituti ham mohiyatan sobiq ittifoq markaziga qarardi. Ularning ichida eng oxirgi o‘rinlarda turgan ta’lim muassasamizning birinchi o‘ringa olib chiqishning o‘zi bo‘lmagan, albatta. Bu ta’mir va qurilish ishlaridan tortib o‘quv ta’lim sifatigacha bo‘lgan ko‘rsatkichni o‘z ichiga oladi. Hatto, ta’lim tizimiga mas’ul rahbarlardan Sobiq ittifoq Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Karpov Moskvadan kela turib oldingi holati bilan keyingi holatini ko‘rib hayratda qolgan va "Vы kak bы mogli" degani hamon yodimda. Hatto, kezi kelganda aytish kerakki, o‘sha paytda institutimizga g‘oliblik bayrog‘i nishonini ham berishgan.

Jamoani muayyan maqsad va g‘oya yo‘lida birlashtirish doimo katta muvaffaqiyatlarga erishishiga sabab bo‘lgan. Korrupsiyaga nisbatan har bir xodimda nafrat uyg‘ota olish ham muhim. Shundagina ta’lim tizimida ham va boshqa jarayonlarda ham rivojlanish bo‘ladi. Ko‘zi to‘q bo‘lgan odamning o‘zi to‘q bo‘ladi, gap so‘zlari ham dadil, o‘tkir va ishonchli bo‘ladi. Qo‘pol aytganda, muttaham bo‘lmaydi. Otam sobiq ittifoq paytida ikki marta qahramon bo‘lgan, yer va suvning ilmini ham, tilsimini bilgan bobodehqon bo‘lgan. Bizlarning deyarlik hech narsaga muhtojligimiz bo‘lmagan. Otamning mehnatkash, zahmatkash ekanligini yaxshi bilgan Sharof Rashidovning ham ularga hurmati cheksiz edi. Oqil aka Salimov ham otamning qalin do‘stlaridan bo‘lgan. Yerning tilini bilish, uni suv bilan tillashtirish ham katta ilm aslida. Chunki, xalqimiz azaldan yer va suvga o‘z mehrini berib ekin ekkan, hosil olgan. Shuni ta’kidlab o‘tishni istardimki, Sharof akada, otam va Oqil akada ham yuksak madaniyat va yetuk boshqarish uslubi bo‘lgan.

Bularni eslayotganimning sababi bor. Chunki bugungi kunda shogirdlarimizning aksariyati ana shunday qobiliyatga ega. Ularning amalga oshirayotgan ishlari e’tirofga loyiq. Ajdod va avlodlarning uzilmas va buzilmas oltin zanjiri mustahkam ekan, yurt obod va xalq farovon bo‘lishi aniq. Katta avlod tajribaning koni, natijalar makoni.”

Rektorimiz Bahodir Mirzaev  universitetimiz jamoasi nomidan bildirilgan tabriknomani topshirarkanlar, undagi ushbu dil izhorlari hammamizning orzu - niyatimizdir desak o‘rinli bo‘ladi. “Yurtga sadoqat bilan xizmat qilishni o‘ziga oliy saodat deb bilgan Siz kabi qalbi daryo ustozning muborak 85 yoshga to‘lishlari munosabati bilan universitet professor-o‘qituvchilari nomidan chin qalbdan muborakbod etib, mustahkam sog‘lik, hamkasblaringiz, do‘stlaringiz va shogirdlaringiz davrasida doimo e’tiborda bo‘lib yurishingizni tilab qolamiz!”

Ustozning barcha yaqinlari va shogirdlari baxtiga doimo omon bo‘lishlarini istaymiz.

     Universitet matbuot xizmati