TIQXMMI yangiliklari

img
29.01.2024

Ichimlik suvini tejash va oqilona foydalanish

Joriy yilning 26-yanvar kuni “Gidrologiya va Gidrogeologiya” kafedrasi professor o’qituvchilari Toshkent viloyati Nurafshon tumani 26-umumiy o’rta ta’lim maktabiga tashrif buyurishdi. “Ichimlik suvini tejash va undan oqilona foydalanish hamda uning moliyaviy-iqtisodiy tomonlari” mavzusida yuqori sinf o'quvchilariga suv zaxiralaridan oqilona foydalanish bo’yicha tashviqot ishlari olib borildi.  Tashrifda quydagi mulohazalar ilgari surildi:

O’zbekistonning ekologik xavfsizligi nuqtayi nazaridan qaraganda, suv zaxiralarining, shu jumladan yer usti va yer osti suvlarining keskin taqchilligi xamda ifloslanganligi katta tashvish tug’dirmoqda. Respublikaning daryolari, kanallari, suv omborlari va xatto yer osti suvlari ham xar taraflama inson faoliyati ta‘siriga uchrayotganligi aytib o’tildi. Sug’oriladigan hududlarda suv tabiatning bebaho in‘omidir va butun xayot suv bilan bog’liq. Zotan, suv tamom bo’lgan joyda xayot ham tugaydi. Shunday bo’lsada, Markaziy Osiyoda suv zaxiralari juda cheklangan. Yiliga 78 kub kilometr suv keltiradigan Amudaryo va 36 kub kilometr suv keltiradigan Sirdaryo asosiy suv manbalaridir. Suv zaxiralarining sifati eng muhim muammolardan biridir. 60-yillardan boshlab Markaziy Osiyoda yangi yerlar keng ko’lamda o’zlashtirildi. Sanoat, chorvachilik komplekslari ekstensiv rivojlantirildi. Urbanizatsiya kuchaydi. Kollektor-zovur tizimlari qurildi hamda daryo suvlari sug’orish uchun muttasil yuqori hajmlarda olindi. Shu bois havza-lardagi suvning sifati tobora yomonlasha bordi. Daryo suvlarining ifloslanishi ekologiya-gigiena va sanitariya-epidemiologiya vaziyatini, ayniqsa, daryolarning quyi oqimlarida yaqqol ko’rinayotganligi aytilib suvni tejash va oqilona ishlatish bo’yicha bilimlar berildi.

Universitet matbuot xizmati