TIQXMMI yangiliklari

img
26.01.2024

ERASMUS+ doirasidagi xalqaro uchrashuv

So‘nggi yillarda jahonda, shuningdek, mamlakatimizda yashil energiyaga bo‘lgan talab va e’tibor kundan-kunga ortib bormoqda. Ayniqsa, respublikamizning iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda quyosh energiyasidan foydalanishni energetikaning eng muhim tarmoqlaridan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shundan kelib chiqqan holda, joriy yilning 22-24-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan respublikamizning 7 ta  jumladan “TIQXMMI” Milliy Tadqiqot Universiteti hamda Yevropa Ittifoqining Turin politexnika universiteti (Italiya), Madrid politexnika universiteti (Ispaniya) hamda Evora Universiteti (Portugaliya) hamkorligida “Development of the targeted Educational program for Bachelors in Solar Energy in Uzbekistan” mavzusidagi ERASMUS+ loyihasi doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Universitetdan kafedra mudiri D.Qodirov, professor I.Siddiqov va dotsent J.Izzatillayevlar ham ishtirok etishdi.

Mazkur uchrashuv ikki bosqichda o‘tkazilib, birinchi bosqichda loyiha ishtirokchilari o‘zaro yaqindan tanishuv va loyihani amalga oshirishning kelajak rejasini muhokama qilishdi. Shuningdek, har bir hamkor OTMlarning loyiha rahbarlari quyidagi savollarni muhokama qilishdi:

  • “Quyosh energetikasi” bo’yicha yangi bakalavriat dasturlarini ishlab chiqish;
  • innovatsion laboratoriyalarni tashkil etish;
  • loyiha barqarorligini ta’minlash;
  • boshqaruv va sifat nazorati;
  • aloqa, yangiliklar va loyiha dizayni;
  • moliyaviy boshqaruv muammolari.

Uchrashuvning ikkinchi bosqichi esa xalqaro loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mazkur sohada faoliyat yurituvchi tajribali olimlarning taqdimotlarini tinglash va ma’ruzachi hamda tinglovchilar o‘rtasida o’zaro savol-javob tarzida o‘tkazildi.

Loyiha doirasida o‘tkazilgan uch kunlik seminar yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.

“ET va QTEM” kafedrasi assistenti N.Abdug‘aniyev axboroti

Universitet matbuot xizmati