TIQXMMI yangiliklari

img
25.01.2024

O‘zbekiston – Xitoy: o‘zaro hamkorlik har tomonlama imkoniyatlar eshigini ochadi

Rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlik har tomonlama imkoniyatlar eshigini ochadi. O‘ziga xos tarixga ega bo‘lgan O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari bunga yaqqol misoldir.

Moziyga bir nazar tashlash orqali har ikkala xalq uchun xayrli va har tomonlama manfaatli ijobiy natijalarga guvoh bo‘lish mumkin. Bu nafaqat iqtisodiy, balki xalq xo‘jaligining deyarli barcha jabhalarida o‘zaro aloqalar bo‘lganini ko‘rish mumkin. Bu tarixiy taraqqiyot taqozosi, aslida. Ayniqsa, madaniy sohadagi harakatlarning o‘rni ham e’tiborga molik bo‘lgan. Hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhodning aynan Chin elidan ekani, tog‘u toshlarni kesib suv chiqarishi, elni obod qilishdagi harakatlarini eslashning o‘zi kifoya.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Xitoy Xalq Respublikasi bilan olib borilayotgan hamkorlik va do‘stlik rishtalari o‘zining tag zaminiga ega.  

Yaqin yillardagi, aniqrog‘i, mustaqillik davridagi ushbu hamkorlikning, diplomatik munosabatlarning xronologik asosi ham shu fikrni tasdiqlaydi. Qolaversa, Xitoy Xalq Respublikasi birinchilardan bo‘lib, O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan.  

Markaziy Osiyo va Xitoy munosabatlari ildizi bir necha ming yillik tarixga borib taqaladi. Bugungi davrda ham O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik strategik sheriklik darajasida. Diplomatik munosabatlar 1992 yil 2 yanvardan o‘rnatilgan.  

2022 yil 15 sentyabrda yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklik o‘rnatildi. 1991 yildan buyon ikki davlat rahbarlari ishtirokida 21 ta sammit bo‘lib o‘tgani o‘zaro hamkorlikning mustahkam va istiqbolli ekanidan dalolat.  

O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy o‘rtasida jami 283 ta hujjat, jumladan: 113 ta davlatlararo va hukumatlararo xalqaro shartnomalar, 82 ta idoralararo va 88 ta boshqa turdagi hujjatlarning imzolangani ham rishtaning tobora mustahkam bo‘lib borayotganini anglatadi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1-13 may kunlari Xitoyga davlat tashrifi bilan borgani hamkorlik masalalarini yanada yuqori bosqichga ko‘tardi.  

Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy rahbari 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan ikki davlat o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildi.  

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin qo‘shma bayonotni imzoladi va 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan XXR o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildi.  

Yetakchilar tomonidan imzolangan hujjatlar orasida sohamizga bevosita va bilvosita daxldorlari ham borligi bizni mamnun etdi. Jumladan, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan Xitoy Bojxona bosh ma’muriyati o‘rtasida O‘zbekistondan Xitoyga eksport qilinadigan muzlatilgan parranda go‘shtining inspeksiya, karantin va veterinariya-sanitariya talablari to‘g‘risidagi bayonnoma, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan Xitoy Bojxona bosh ma’muriyati o‘rtasida O‘zbekistondan Xitoyga uzum eksport qilishda fitosanitar talablar va nazorat to‘g‘risidagi bayonnomalar, O‘zbekiston “Parrandasanoat” uyushmasi bilan Xitoy Chorvachilik uyushmasi o‘rtasida parrandachilik sohasidagi bitimlar hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridandir.  

Shuningdek, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti Xitoyning ko‘plab universitetlari bilan hamkorlik qilib keladi.  

Jumladan, Shimoliy-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda 100 000 AQSH dollar qiymatga ega aqlli qishloq xo‘jaligi pilot loyihasi universitetning O‘quv-ilmiy poligonida o‘rnatilgan. Ushbu kichik model universitetning laboratoriyasida o‘rnatilgan bo‘lib, talabalarning amaliy-laboratoriya ko‘nikmalarini oshirishda foydalanib kelinmoqda.  

"Tianye Group" korxonasi bilan hamkorlikda suv tejovchi texnologiyalar mavzusida bir haftalik ilmiy seminarlar tashkil etildi. "SuperMap Software Co. Ltd" korxonasi bilan hamkorlikda universitetimizda "SuperMap" dasturini o‘rgatish kurslarini tashkil etilgan. Talabalarning Xitoy oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishi yo‘lga qo‘yilgan. Universitetimizda ayni damda 14 nafar xitoylik talaba tahsil olmoqda.  

Umuman olganda, O‘zbekistonning Xitoy bilan munosabatlari sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarildi. Bu ikki mamlakat xalqlarining milliy manfaatlariga, hozirgi zamon talablariga to‘laligicha mos va xosdir.  

Madaniy-gumanitar sohada O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishiga nafaqat savdo, kommunikatsiya, balki turizm sohasi ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonning qadimiy tarixiy madaniyatiga oid yodgorliklari hamisha chet ellik sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelgan.  

O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash, keng savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishni o‘zaro manfaatdorlik va teng huquqlilik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni ustuvor yo‘nalish, deb hisoblaydi. Ikki tomonlama Savdo-iqtisodiy bitimga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi o‘rnatilgan. Keyingi uch yilda O‘zbekistonning tashqi savdo sohasidagi sheriklari orasida Xitoy birinchi o‘rinni egallab kelayotgani ham fikrimizning dalilidir. Jumladan, bu borada O‘zbekistonning tovar eksporti 17,7 foizni, xizmatlar eksporti esa 12,8 foizni tashkil etib, savdo aylanmasi 2017 yilga nisbatan 1,6 baravarga o‘sganini ko‘rish mumkin.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitidagi nutqida O‘zbekiston Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” g‘oyasini faol qo‘llab-quvvatlashi haqidagi mulohazalari ham maqsadlarning mushtarakligini anglatibgina qolmay, balki barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, butun Markaziy Osiyoga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan muhim transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning muhim va ustuvor maqsadlarini ifoda etadi.  

Xulosa o‘rnida aytish kerakki, davlatimiz rahbarining XXRga davlat tashrifi har tomonlama manfaatli, samarali va natijador bo‘lishi aniq.  

Rahimboy Jumaniyozov,  

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati rahbari