TIQXMMI yangiliklari

img
29.04.2023

Yetakchi Oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlardan joy olishi uchun yana bir qadam

Ayni damda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetida “AYREG – akademik reytinglar” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda “Times Higher Education”, “QS”, “Webometrics” kabi dunyoning nufuzli xalqaro reyting tashkilotlari rahbarlari, Kanada, Braziliya, Germaniya, Niderlandiya, Vengriya, Ruminiya, Polsha, Xitoy, Singapur, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Qozog‘iston va O‘zbekiston universitetlarining rektorlari, ekspertlardan iborat jami 100 nafarga yaqin qatnashchi ishtirok etmoqda.

Qayd etish joizki mazkur tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekiston yetakchi oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlardan joy olishi hamda xalqaro reyting tashkilotlarining rahbarlari va ekspertlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga xizmat qiladi. Anjumanda dastlab, mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning asosiy jihatlariga to‘xtalindi. So‘nggi besh yil ichida respublikamizda 80 dan ortiq yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 200dan oshgani, shulardan 32 tasi chet el universitetlarining O‘zbekistondagi filiallari va universitetlari, shuningdek 60 dan ortig‘i xususiy universitetlar ekani ta’kidlandi. Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Koreya Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Singapur va boshqa mamlakatlarning universitetlari filiallari mavjud.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq,  2026-yilga qadar mamlakatimizning 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini QS va Times Nigher Education xalqaro reytinglariga kiritish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilayotgani haqida so‘z borib, mazkur xalqaro anjuman ham bu ishlarni yanada jonlantirishga xizmat qilishi tilga olindi.

Qayd etilganidek, 2022-yil Buyuk Britaniyaning Times Higher Education agentligi tomonidan e’lon qilingan “World University Rankings – 2023” reytingi ro‘yxatida respublikamizning 18 ta oliy ta’lim muassasasi “Reportyor” maqomida qayd qilindi va o‘tgan ikki yilda “TOP-1000” reytingidan joy olish uchun da’vogar oliy ta’lim muassasalarimiz soni 2022-yilda 28 taga yetdi. Jumladan,  tadbirga mezbonlik qilayotgan  “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari” milliy tadqiqot universiteti QS xalqaro reyting agentligi tomonidan 2023-yil uchun e’lon qilingan “Fan sohalari reytingi” ko‘rsatkichlari bo‘yicha ilk marotaba 3 ta fan sohasi bo‘yicha dunyo universitetlarining TOP-500 ro‘yxatiga kiritildi.

Ushbu konferensiyada universitetlararo ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha samarali munozara, tajriba almashish va istiqbolli rejalar muhokama qilinmoqda. Mazkur tadbir ta’lim manfaati uchun oliy ta’lim sohasidagi aloqalarimizni yanada rivojlantirish hamda ularni dunyo reytinglarida yangi o‘rinlarni egallashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ma’lumot uchun xalqaro reytinglar bo‘yicha ekspertlar guruhi (AYREG) – akademik reytinglarini joriy etuvchi xalqaro va mahalliy tashkilotlar hamda dunyodagi ilg‘or universitetlarni birlashtiruvchi uyushma. “AYREG Akademik reytinglar” konferensiyasi sohadagi yetakchi ekspertlar ishtirokida 2002-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Shtab-kvartirasi Varshava shahrida (Polsha) joylashgan.

Manba: Edu.uz