TIQXMMI yangiliklari

img
30.11.2022

“Yashil energetika”ni rivojlantirishda ilmiy tadqiqotning roli

Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblangan energetika sohasida yirik islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, energetika sohasida qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanish va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilib, muayyan natijalarga erishilmoqda. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “…“yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistonda yaqin o‘n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish” bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan. Ushbu vazifalarni bajarishda qayta tiklanuvchi energiya sohasida faoliyat yurituvchi bilimli va malakali kadrlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda universitetimizning “Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasida “Muqobil energiya manbalari” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlab kelinmoqda. Jumladan, shu yilning 25-noyabr kuni kafedra professori t.f.d. Obid Tursunov rahbarligida olib borilayotgan “Indorama Agro Sardoba qishloq xo‘jaligi klasterida tomchilatib sug‘orish tizimi uchun shamol energiyasini qo‘llash istiqbollari” mavsusidagi magistrlik dissertatsiya ishi bo‘yicha Siradryo-Jizzakh M39 Magistral yo‘lida kafedra tayanch doktoranti Nurislom Abdug‘aniyev va “Muqobil energiya manbalari” mutaxassisligi 2-kurs magistranti G‘anisher Mustafoyevlar amaliy tadqiqot jarayonida shamol elektr qurilmasini sinovdan o‘tkazishdi. Shamol elektr qurilmasida o‘tkazilgan tajribalarda kerakli natijalar olindi. Olingan tajriba-sinov natijalari mavjud formulalar asosida hisoblanadi hamda M39 Magistral yo’lidagi transport qatnovidan hosil bo’lgan shamol energiyasidan foydalanish potensiali aniqlanadi. Hozirda kafedra tadqiqotchilari tomonidan tajriba-sinov ishlari davom ettirilmoqda. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, har bir sohada yetuk va malakali mutaxassislarni tayyorlashda mana shunday amaliy tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi.

“ETvaQTEM” kafedrasi tayanch doktoranti N.Abdug‘aniyev аxboroti

Universitet matbuot xizmati