TIQXMMI yangiliklari

img
06.01.2023

Yangi yil oldi ilmiy qutlovlari

Insonga e’tibor jamiyatga, millatga, butun xalqimizga, mamlakatga e’tibor va ehtirom demakdir. Davlatimiz rahbari 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nomlashlarida ayni shu haqiqat mavjud. Demak, o‘zining ilmiy salohiyati bilan ta’limning sifati va samarasiga xizmat qilayotgan olimlar va pedagoglarni sharaflash va ularning xizmatlariga munosabat ham e’tibor va ehtiromning yuksak namunasi.

Kechayotgan yilning yakunida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining Ilmiy Kengashi oldidan uyushtirilgan ilmiy daraja va unvonlar taqdimoti ham yuqorida keltirilgan fikrlarga uyg‘un va hamohang bo‘lganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Universitetimiz rektori, texnika fanlari doktori, professor Mirzaev Bahodir Suyunovich Ilmiy Kengashni ocha turib barchani yangi yil bilan samimiy qutladi, so‘ngra 2022 yilda ilm yo‘lida erishgan g‘alaba va natijalarining ifodasi o‘laroq, beshta pedagogni davra markaziga chorlab ularning ilmiy daraja va unvonlari attestatini tantanali tarzda topshirdi.

Xushiev Sirojiddin Meylievich “Energetika tizimlari va majmualari” bo‘yicha, Egamberdiev Ramish Rabbimovich “Tuproqshunoslik” ixtisosligi bo‘yicha, Adjimuratov Dilmurat Serikxanovich “Gidrotexnika va melioratsiya qurilishi” ixtisosligi bo‘yicha DOTSENT ilmiy unvonlari, Tuychiev Xayrulla Ergashovich Pedagogika fanlari bo‘yicha Falsafa doktori ilmiy daraja va Jumaniyozov Rahimboy Matkarimovich esa “Folklorshunoslik” bo‘yicha PROFESSOR ilmiy unvoni attestatiga ega bo‘lishdi.

Universitet matbuot xizmati