TIQXMMI yangiliklari

img
05.04.2024

Xor jamoasi “Zo'r" jamoa!

"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy  tadqiqot universiteti psixologi M.K. Muhammedova rahbarligidagi Xor jamoasi va barcha fakultetlar yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan o'rinbosarlari, tyutorlari adiblar xiyoboniga atoqli shoir A.Oripovni yana bir bor yod etish, adibning  ijodiga yana bir bor nazar solish va yig'ilish ishtirokchilarida adabiyotga, she'riyatga, kitob o'qishga nisbatan mehr muhabbat uyg'otish, ularning ma'naviyatini yuksaltirish maqsadida tashrif buyurishdi.

Tadbir davomida barcha fakultetlar talabalari o'z adabiy chiqishlari bilan davra fayziga fayz kiritishdi. Ayniqsa Xor jamoasining Xalq laparlari asosida ijro etgan qo'shiqlari barcha yig'ilish qatnashchilari ko'nglidan joy oldi. Tadbirni ustoz R.Jumaniyozov olib bordi va Xor jamoasiga “Zo'r jamoa”, deb ta'rif berganlari jamoa ishtirokchilariga yanada ilhom bag'ishladi. Ustoz R.Jumaniyozov tadbirdan so'ng jamoa a'zolarini alohida yig'ib, jamoaning yanada nom qozonishiga imkon beradigan maslahatlar berdilar. Xalq qo'shiqlari, laparlari va folklor janridagi qo'shiqlar o'zbek xalqining qon-qoniga singib ketganligi tufayli, Xor jamoasi ham o'z repertuarida xalqona ohangda yaratilgan asarlarni ko'proq ijro etishi maqsadga muvofiqligi hamda A.Oripov qalamiga mansub she'rlardan ham qo'shiq bastalab ijro etish lozimligi to'g'risida o'z fikr va mulohazalarini bildirganlari jamoa a'zolariga yanada qanot bag'ishladi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati