TIQXMMI yangiliklari

img
27.05.2023

Universitetda “Uch avlod uchrashuvi”

Sobiq va sodiq kursdoshlar jamuljam bo‘lishida diydor sabab mehr-oqibatning qimmati oshadi. Talabalikning oltin pallasi bir umrga mazmun baxsh etuvchi xotiralar bilan ziynatlangan bo‘ladi. Shuni eslashning o‘zi katta mohiyat kasb etadi. 2023 yil 20 may kunisi TIQXMMI ning GIM fakultetini 1977 yilda tamomlagan mutaxassislarning “Uch avlodlar uchrashuvi” ruknida universitet professor-o‘qituvchilari, Faxriylar va talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvni prorektor, professor Ro‘zimurod Choriev va GM fakulteti dekani professor Alisher Fatxullaevlar ochib berdilar.

Uchrashuv universitetimizni bundan 46 yil oldingi holatini muzeyda ko‘rish va hozirgi kundagi hududining obodonchiligini sayr qilib tomosha qilishdan boshlandi. Uchrashuvda 1969 yilda GIM fakultetini tamomlab, Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda xizmat qilgan va 1974 yildan beri shu fakultetda talabalarga bilim berish bilan hurmat qozongan Nail Qayumovich Usmanov (ko‘p yillar fakultet dekani muovini bo‘lgan), GIM kafedrasi mudiri, GIM fakultetini 1981 yilda tamomlagan dotsent I.J.Xudaevlarning ishtiroki e’tiborga molik bo‘ldi. Uchrashuvda universitet birinchi prorektori, professor R.Q.Choriev moderatorlik qildilar. Universitet madaniyat saroyida GIM fakultetini 1977 va 1993 yillarda tamomlaganlar mutaxassislar bilan qo‘shilib, tantanali kutib olish marosimi  o‘tkazildi.

Prorektor R.Choriev yig‘ilganlarga hurmatli Prezidentimizning 26-sonli qarori bilan universitet oldiga qo‘yilgan vazifalar qanday ijro etilayotgaligi va erishilgan natijalar haqida gapirib berdi. Yig‘ilganlar universitet milliy reytingda 3 yildan beri birinchi o‘rinda  ekanligi to‘g‘risidagi xabarni gulduros qarsaklar bilan kutib oldilar. Ko‘p yillar fakultetda xizmat qilgan professor-o‘qituvchilar, ustozlar jumladan, dotsentlar Jalol Hakimovich, Shavkat Qayumovich Po‘latov, kursdosh dotsent Vafoev Safo To‘raevich va boshqalar ruhi poklariga duolar o‘qilib, hurmat bildirildi. Jalol Hakimovich 1972 yildan talabalikka qabul qilinganimizda to 1975 yilgacha dekan lavozimida ishlagan va dars bergan ustozlarimizdan edi. Shavkat Qayumovich 1975-1985 yillarda GIM fakultet dekani bo‘lib, 1977 yildagi fakultetning bitiruvchilari kelajak taqdirlarida ulkan hissasini qo‘shgan inson sanaladi. 2000 yillarda Shavkat Qayumovich fakultetning qaytadan “Irrigatsiya va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” nomi bilan qayta ochilishida tashabbuskor va tashkilotchi sifatida ulkan xizmatlari bo‘lgan va 2002 yilda “Xizmat ko‘rsatgan dotsent” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.

Hukumat va davlat idoralarida ko‘p yillar obro‘ bilan xizmat qilgan, Surxondaryo viloyati tumanlarida xokim, viloyat hokimi o‘rinbosari, suv xo‘jaligi sohasida xalqaro moliya idoralari mablag‘lari evaziga amalga oshirilgan “Amu- Zang” loyihasi rahbari bo‘lib ishlagan  Jo‘raev Soatmurod Nazarovich universitetimizda erishilgan yutuqlardan boshi osmonga yetganini aytib, rahbariyatga sihat-salomatlik va o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Soatmurod Nazarovich o‘zi bilan bir guruxda o‘qigan, talabalik davrida oshirilgan davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lgan va ko‘p yillardan beri GIM fakultetida faoliyat olib borib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berayotgan Ashirbek Muratov bilan do‘stligidan faxrlanishini aytib o‘tdi. Bitiruvchilardan Oybek O‘zbekov Jizzax viloyatida hurmatli prezidentimiz Shavkat Miromonovich bilan birga ishlagan davrlarini eslab, o‘zi uchun alohida maktab bo‘lganini, kelajakda prezidentimizga o‘xshagan kadrlarni tayyorlashda universitet professor-o‘qituchilariga muvaffaqiyatlar tiladi. Universitetning №1 ma’ruzalar zalida SX va MIM ta’lim yo‘nalishi talabalari bilan uchrashuvda birituvchilar mutaxassisliklari bo‘yicha ishlab tuman, viloyat, respublika miqyosida rahbarlik lavozimlarini egallaganliklari, sohada ulkan yutuqlarga erishib, O‘zbekistonimiz rivojiga qo‘shgan kamtarona hissalarini sanab o‘tdilar. Sadr Mingboev hozirgi kunda ham 70 yoshini qoralayotgan bo‘lsa ham Tavoqsoy mahallasida chet el qo‘shma korxonasida sho‘ba rahbari lavozimida xizmat qilayotganinng zaminida talabalik davrida olgan bilimlari sabab ekanligini aytib o‘tdi.

Farg‘ona viloyatida ko‘p yillar rahbar lavozimlarda ishlab kelgan, hozirda fermerchilik ham qilayotgan Muxammadali Qosimov yoshlarni Abdulla Aripov, Erkin Vohidov va boshqa klassiklarimiz hamda zamondosh adiblarimiz kitoblarini mutolaa etishni tavsiya qildi. Bitiruvchilar o‘zlari o‘qigan fakultet binolari, kafedralar, o‘quv auditoriyalari, Universitet tarixi muzeyi, talabalar turar joylari bilan tanishdilar, universitet rahbariyatiga talabalarning o‘qishi va yashashi uchun yaratilgan zamonaviy qulay sharoitlar uchun o‘zlarining tashakkurini bildirdilar, ustozlar haqiga duo qildilar. Uchrashuv so‘ngida universitet bitiruvchilarining assotsiatsiyasi va alohida fond tashkil qilish hamda bunday avlodlar uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish haqida takliflar bildirildi.

Universitet matbuot xizmati