TIQXMMI yangiliklari

img
31.08.2023

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti rektori Mirzayev Bahodir Suyunovichning O’zbekiston Mustaqilligining 32 yilligi bayrami munosabati bilan tabrigi

Assalomu alaykum, aziz ustozlar, qadrdon talabalar, muhtaram hamkasblar!

Har bir xalq o‘zining mavsumiy, tabiat va turli sanalar bilan bog‘liq bayramlariga ega. Lekin har bir xalqning tarixida, taqdirida muhim va muqim o‘rin tutadigan bayrami bo‘ladiki, bu uning erki, ozodligi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy mazmun kasb etadigan Mustaqillik bayramidir.

 Avvalambor, bugungi quvonchli ayyomda butun jamoamizni, ustozu shogirdlarimizni Vatanimiz Mustaqilligining 32 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

O’tgan qisqa davrda jonajon O’zbekistonimiz mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli va shonli istiqlol yo‘lini bosib o‘tdi.

Ayniqsa, keyingi yetti yil mobaynida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizning yanada ravnaq topishi uchun zamin hozirlayotgani rost.

Hayot davom etadi, uning go‘zalligi va ulug‘ligi, maqsad va intilishlarimizda, sa’yi harakatlarimizda aks etishi tabiiy. Shior xalqimizning nomus-ori va iftixoridir. O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligi “Yangi hayot uchun, yangi O’zbekiston uchun” shiori ostida o‘tkazilishi xuddi shu ma’noda zalvorli mazmun kasb etadi.

Muhtaram Prezidentimiz Yangi O’zbekistonning taraqqiyot yo‘li  inson omili va sifatli ta’lim bilan bevosita bog‘liqligini o‘z chiqishlarida, jumladan kuni kecha o‘tkazilgan videoselektorda ham alohida ta’kidlagani bejiz emas. Bu esa Mustaqilligimizni mustahkamlash, Yangi O’zbekistonning ruhi va shukuhi, Uchinchi Renessansning tamal toshi bilan chambarchas bog‘liqdir.  Mustaqilligimizni mustahkamlash hammamiz uchun mas’uliyat va majburiyatdir.

“O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida keltirilgan ezgu g‘oyalardan biri “Har bir kun - bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor”dir. Demak, istiqbolga intilish Yoshlarga e’tibor, boshqacha aytganda, ularning ta’lim - tarbiyasiga mas’ullik demakdir. Kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar, yaratilgan sharoitlar Yangi O’zbekistonning tag zamini va iqboli bilan chambarchas bog‘liq.

Har jabhadagi yangilanish va o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari, turli qurilishlar xalqimiz ongidagi tub burilishlarning ifodasi, Prezidentimiz rahnamoligidagi olib borilayotgan siyosat va islohotlarning hosilasi sifatida ahamiyatli desak o‘rinli bo‘ladi.

Shuni aytish kerakki, universitetimizning milliy va jahon reytinglarida  munosib o‘rin tutishi Vatanimiz mustaqilligiga sadoqat va jasorat timsolidir. Biz bu yo‘lda doim sobit, kamarbasta bo‘lishimiz kerak.

Fursatdan foydalanib, siz azizlarni – muhtaram ustozlarimizni, butun jamoamizni, qadrdon talaba yoshlarimizni O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy tabriklayman.

Barcha pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini, Yaratganning o‘zi yurtimizni turli balo-qazolardan asrashini, birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ulari yanada ziyoda bo‘lishini so‘rab qolaman.

Barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi yutuqlar, oilaviy xotirjamlik yor bo‘lsin, farzandlar, nabiralarning baxtu kamolini ko‘rish nasib etsin! Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, jonajon O’zbekistonimiz omon bo‘lsin!