TIQXMMI yangiliklari

img
06.03.2024

  Ta'limiy mehr ila

Davlat va hukumatimizning ijtimoiy hayotda xotin - qizlarning rolini oshirish borasidagi xizmatlari tahsinga loyiq. Keyingi yillarda gender tengligi borasida mamlakatimizda barcha jabhalarda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, tadbirkorlik va boshqa tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bir so‘z bilan aytganda, ayolning chinakam baxtli yashashi, intellektual va ma’naviy yuksalishi, kasbiy, oilaviy va jamiyat hayotidagi majburiyatlarini hamohang tarzda bajarish yo‘lida keng qamrovli davlat siyosatining amalga oshirilayotgani  ahamiyatlidir.

Nafosat, nazokat, mehr degan so‘zlarning asl mazmun - mohiyati dastavval, ayol siymosida namoyon bo‘lishi aniq.  Bir paytlari to‘maris monand ayollarga  xosu mos bo‘lgan shijoat so‘zi endilikda ular faoliyatida ham bo‘y ko‘rsatayotgani sir emas.  Bugungi kunda o‘zining aql-idroki, g‘ayrat-shijoati hamda bilimdonligi bilan alohida ajralib turadigan faol, fidoyi, yurtparvar ayollarimizdan biri 2021 yildan buyon “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida dotsent, kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Sabirova Gulnoza Sadikovnadir.

U 1995-1999 yillari O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olgan va tarjimon-referent (ingliz tili) mutaxassisligi bo‘yicha diplomga ega bo‘lgan.

2002-2005 yillarda “Lingvistika” (ingliz tili) mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.

2005-2007 yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ingliz tili kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishlagan. 2008-2014 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti aspiranti, katta ilmiy izlanuvchi bo‘lgan. 2015-2017 yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ingliz tili kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishlagan. 2017 yilda pedagogika bo‘yicha falsafa doktori (PhD), 2022 yilda pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajalarini, 2022 yilda dotsent diplomini olgan. 2023 yilda universitet tomonidan Buyuk Britaniyaning NILE malaka oshirish institutiga yuborildi va u yerda o‘z malakasini oshirib keldi.

Sabirova Gulnoza ko‘plab maqolalarning muallifi sifatida pedagogik jamoamizda alohida hurmatga ega. Biz ularni bayramlari munosabati bilan samimiy tabriklaymiz. El-yurtimiz uchun bilimdon, keng dunyoqarashga ega, intellektual salohiyatli kadrlarni yetkazish bobida kuch-g‘ayrat va sihhat- salomatlik tilaymiz. Baxt va omad hamisha hamrohingiz bo‘lsin, Gulnozaxon.

              Universitet matbuot xizmati