TIQXMMI yangiliklari

img
05.05.2023

«Shon - sharaf» muzeyiga tashrif

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot Universiteti  “Gidromelioratsiya” fakulteti tyutori  G.Z. Axmedjanova tashabbusi bilan biriktirilgan 1 kursning bir guruh talabalari  birgalikda   joriy yilning 3 may sanasida “G‘alaba bog‘i”ga tashrif buyurishdi. Har bir inson “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurar ekan, bu yerdagi eksponatlarni ko‘rib qalbi hayajonga to‘ladi. Bog‘ning “Matonat madhiyasi” majmuasida butun o‘zbek ayollarining sadoqati ramziga aylangan zangiotalik Zulfiya Zokirova va uning urushda halok bo‘lgan besh o‘g‘lining vafodor rafiqalari aks etgan. “Shon- sharaf” muzeyida esa urush va uning oqibatlari, urush manzaralari, jumladan, okop va blindajlar, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan, majmuada o‘sha davrdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar, O‘zbekiston xalqining front va front ortida ko‘rsatgan jasorati, mashaqqatli mehnati, qayg‘u-alami, shuningdek, erishilgan buyuk g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi yaqqol tasvirlanganligini ko‘rishimiz mumkin.

“Shon-sharaf” davlat muzeyining yuqori qismida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 301 nafar qahramonimiz sharafiga o’tqazilgan daraxtlar, shuningdek, “Mangu jasorat” deb nomlangan majmuada afsonaviy o‘zbek generali Sobir Rahimov va barcha o‘zbekistonlik botir jangchilarning so‘nmas xotirasi ifodalangan. Bu majmua yurtimizdan yetishib chiqqan qo‘rqmas, mard va jasur, matonatli sarkardalar, jangchilardan faxrlanish, jasoratlaridan doimo ibrat olish, dunyodagi eng buyuk xalqlardan biri ekanligimizni his qilish, Vatandoshlarimizda shu zamin, shu yurt farzandi ekanligidan g‘urur, faxr-iftixor tuyg‘ulari uyg‘onishiga xizmat qiladi. Bu majmua  har bir insonda bugungi tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot qanchalik bebaho ne’mat ekanligini, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burch ekanligini anglatadi.

 “Gidromelioratsiya” fakulteti tyutori   Gulchehra Axmedjanova axboroti

              Universitet matbuot xizmati