TIQXMMI yangiliklari

img
15.03.2024

San'at orqali  qalblarga yo'l

Joriy yilning 12-13-14 mart kunlari "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti “D” korpus 101 xonada "Gidrotexnika qurilishi" hamda "Iqtisod" fakultetlari 1-2-kurs talabalari bilan universitet psixologi M.K.Muhammedova hamda sozanda H.K.Muhammedovlar "Vokaloterapiya orqali stresslardan xalos bo'lish va musiqa orqali qalblarga yo'l" mavzusida seminar trening o‘tkazdilar. Tadbir talaba yoshlarga qo'shiq kuylash va qo'shiqni tinglovchi yuragiga yetkazib kuylash san'ati sir-asrorlarini o'rgatish hamda shu bilimlar asosida stresslardan xalos etish maqsadida tashkil etildi. Yig'ilishda musiqaning sirli olami har qanday tinglovchini o'z domiga tortib, har ko'yga solishga qodirligi, uning kuchi va ta'siri cheksiz ekani barchamizga ayonligi, shu bois, tinglovchini maftun etadigan, mukammal va sehrli sado taratuvchi har bir san'atkor insoniyatning e'zozidagi ijodkorga aylanishi muqarrar ekaniligi haqida so'z yuritildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga ijrochilik mahoratidan, musiqa jo'rligida kuylash malakalarini shakllantirishga doir saboqlar berildi. Tinglovchini o'ziga rom etib kuylashning nozik jihatlari, nyuanslari haqida ma'lumotlar berildi. Berilayotgan saboqlar ishtirokchilar xotirasida yaxshi saqlanib qolinishi uchun, mashg'ulotda o'zbek xalq ijodiga mansub masal va rivoyatlardan samarali foydalanildi. O'tkazilgan mahorat darslari davomida “Hay yor-yor”, “Qoshing qaro”, “Nahori nashta” kabi xalq laparlari va zamonaviy lirik qo'shiqlar ijro etildi va har bir talaba bilan alohida vokal saboqlari olib borildi. 

Ikki yil davomida ijodiy faoliyat olib borayotgan talaba yoshlarning urinishlari o'z natijasini bermoqda. Ishtirokchilarda bir – birini tinglash, jamoa bo'lib kuylash malakalari shakllanib borayotgani juda quvonarli holat. Barcha ishtirokchilar universitetimiz sha'nini san'at tomonlama yuksaklarga ko'tarishni o'z oldilariga maqsad qilib, har kuni bu borada o'z mahoratlarini mukammalashtirishga harakat qilishyapti.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati