TIQXMMI yangiliklari

img
25.02.2023

Samarali tashrif taassurotlari

Davlat rahbarlarining o‘zaro taklif va tashriflarida har ikkala mamlakat va xalq uchun manfaatli hamkorlik masalalari asosiy maqsad bo‘lishi tabiiy holdir. Har tomonlama hamkorlik zamirida mamlakatlarning taraqqiyoti va farovonligi masalalari yuzaga chiqadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Misrga ikki kunlik rasmiy tashrifida ham xuddi shu maqsad o‘z natijasini ko‘rsatdi. Tashrifning ikkinchi kunida Prezident Abdulfattoh as-Sisi bilan o‘tkazilgan muzokaralar va yakunda davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonot qabul qilishlari, ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida hujjatlarning imzolanishida ham yuqoridagi mulohazalarning yaqqol ifodasini ko‘rish mumkin. Istaylik, istamaylik, tarixdagi mushtaraklik rishtalari nafaqat savdo-sotiq, balki adabiy-madaniy jabhada ham bo‘y ko‘rsatganini ta’kidlash o‘rinlidir. Birgina misol sifatida arab dunyosi bilan turkiy dunyoni bog‘lashda “Joriyulloh” (Allohning qo‘shnisi) laqabi bilan yuritilgan Mahmud az-Zamahshariyning faoliyati, arab tilining grammatikasini tuzishdagi xizmatlarini eslashning o‘zi kifoya. Ayniqsa, Prezidentimizning buyuk alloma bobomiz Ahmad Farg‘oniyning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosini chuqur o‘rganish va yoshlar orasida targ‘ib qilish maqsadida ikki mamlakat olimlarining do‘stlik ilmiy jamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surgani Misr xalqini yanada ruhlantirib yubordi.

Muzokaralar paytida yetakchilar ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar — Yangi O‘zbekiston strategiyasi va Misrning «Yangi Respublika» dasturi bir-biriga hamohang ekani, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi ishlar uyg‘unligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirganlari ham ularning maqsadlarining mushtarak ekanligini bildiradi.  Davlatimiz rahbarining ushbu mulohazalarida tinchlik va do‘stlik g‘oyasiga sodiq rahbarning intilishlari va qarashlari o‘z ifodasini topgan. «Biz birgalikda nafaqat ikki mamlakat o‘rtasida, balki strategik jihatdan juda muhim bo‘lgan mintaqalarimiz orasida ham mustahkam hamkorlik ko‘prigini bunyod etishni maqsad qilganmiz.» Ushbu mulohazalar serqirra faoliyatga yo‘l ochish uchun zamin hozirlashi aniq. Davlat rahbarlarining siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalaridagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqishlariga yo‘l ochdi. Ayrim sohalardagi muammolar, jumladan, savdo-iqtisodiy hamkorlikda mavjud bo‘lgan ulkan imkoniyatlar va salohiyat to‘liq ishga solinmayotgani ham ro‘yi rost aytib o‘tildi. Buni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan amaliy mexanizmlar va samarali choralarga ham e’tibor qaratildi.

Shuningdek, «yashil» energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni o‘zaro bog‘laydigan maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalarida  kelishib olingani ayniqsa, quvonarli bo‘ldi. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida faol harakatda bo‘lish, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ushbu mamlakat xalqiga ko‘maklashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni susaytirmaslik zarurligi tashrifning ijtimoiy-gumanitar mohiyatini yana bir karra oshirganini ta’kidlash o‘rinlidir. Umumiy din, an’ana va urf-odatlardagi yaqinlikka asoslangan azaliy do‘stlik rishtalari ilm-fan va ta’lim almashinuvlari, umumiy tarixiy va madaniy merosimizni birgalikda o‘rganish, yoshlar o‘rtasidagi va ijodiy aloqalarni kuchaytirish ikki mamlakat shoir va adiblari, san’atkorlari va madaniyat arboblarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish masalalari ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikning muhim mezoni bo‘lishi uqtirildi. Prezidentimizning porloq istiqbolga yo‘naltirilgan, ilmiy-mantiqiy mohiyatga ega bo‘lgan nutqlarini tinglash asnosida shuni aytish joizki, O‘zbekiston-Misr sammitining natijalari kelajakka ishonch va umid uyg‘otibgina qolmay, balki hamkorlikning yangi sifat bosqichlariga olib chiqishiga mustahkam zamin ham hozirlashi tayin.

Rahimboy jumaniyozov

Professor,  “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi