TIQXMMI yangiliklari

img
24.03.2023

Qoidali nutq – foydali nutq

Odatdagidek, soat 13:35 da "Notiqlik mahorati" oʻquv kursi talabalarni bahorgi Yakuniy imtihonlari bilan band boʻlishiga qaramay, nutq sanʼatiga qiziquvchi talabalarning muayyan qismi mashgʻulotlarda ishtirok etishmoqda. Dars jarayonida talabalar Ramazon oyining kirib kelishi munosabati bilan yaqinlarini tabriklashdi, qutlashdi. Bugungi dars shukuhi har doimgidanda koʻtarinki ruhda oʻtdi. "Notiqlik akademiyasi"ning safi kengaydi. Talabalar dars taftini his qilishdan oldin soʻz oʻyini oʻynashdi. Bunda soʻzlar tanlandi va ularning maʼnodoshlari aytib oʻtildi. Soʻng notiqlarning bogʻlash sanʼati chigʻiriqdan oʻtdi. Soʻzlarni oʻz oʻrnida va maʼno jihatidan mazmunli tuzgan talabalar ragʻbatlantirildi, tasannolar eshtishdi. Ustoz Rahimboy Jumaniyozov tomonidan "Nutqning toʻgʻriligi nimada?" - deya oʻrtaga savol qoʻyildi. Talabalar oʻz fikrlarini aytib oʻtishgandan soʻng ustoz ularni qolipga solib oʻz oʻrnida taʼkidlab oʻtdilar.

"- Adabiy til meʼyorlariga rioya qilmagan insonni suxandon ham, notiq ham deb boʻlmaydi.

- Grammatik kategoriya toʻgʻri boʻlmasa bilingki, nutq ham toʻgʻri boʻlmaydi. Hozirda koʻpchilik bu xatoga yoʻl qoʻymoqda siz notiq ekansiz bunga alohida eʼtibor bering.

- Agar siz urgʻuni oʻz oʻrnida qoʻya bilmasangiz bu ham nutqning toʻgʻriligini buzadi" - deb turli xil misollar keltirib oʻtdi ustoz Rahimboy Jumaniyozov.

Soʻng ustoz juda qiziq topishmoqni  oʻrtaga qoʻydilar. Toʻgʻrisini aytish joizki, agar yordam boʻlmaganda talabalar ancha qiyinchilikka uchrashar edilar. Soʻng topishmoqdan kelib chiqqan holda uyga vazifa berildi. Dars tugar ekan "Adiblar xiyoboniga" va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining "Oʻzbekiston" kanalida efirga uzatiladigan "Munosabat" koʻrsatuviga borish reja qilib olindi.

 

"Energetika" fakulteti 1-bosqich talabasi Shukurullayev Toshpoʻlat axboroti

Universitet matbuot xizmati