TIQXMMI yangiliklari

img
02.03.2023

Qizlаr dаvrаsi –gullаr dаvrаsi

Bugun bahorning ilk kuni. Bu sana xalqimizning taniqli shoirasi Zulfiya Isroilova tavallud topgan kun ekanligi bilan yanada ahamiyatlidir. Taniqli jamoat arbobi, sadoqat va vafo kuychisi, Oʼzbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonimning 108 yilligi yurtimiz boʼylab keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan bugun "Yer resurslari va kadastr"fakulteti Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H.Eshova,  fakultet xotin-qizlar kengashi raisi Z.Xafizova hamda fakultet tyutorlari S.Ibragimov, D.Egamova, А.Xayitovalar tashabbusi bilan “Qoʼli gul qizlarjonlar” mavzusida tadbir qilishdi. Tadbir “Qizlar davrasi” bahorning ilk darakchilari – boychechaklar bazmini eslatdi. Nozik jussalariga yarashgan, chiroyli milliylik ufurib turgan kiyimlarni kiyib olishgan, sochlari oʼzlariga yarashigʼlik turmaklangan qizlar – bu fakultetimizning eng faollari – epchilligu chaqqonlikda, pazandalikda, zukkolik va bilimda oʼzlarining boshqalardan ustun ekanliklarini bildirish maqsadida bellashdilar.

Ushbu tadbirda qizlarimizni munosib baholab borish maqsadida unversitet xotin-qizlar kengashi raisi Z.Karabayeva, kengash aʼzolari  M.Muxamedova, D.Xursandovalar hakamlar hay’ati sifatida ishtirok etdi. Koʼrik tanlovda talaba-qizlar 3 ta shart boʼyicha bellashdilar. Koʼrik-tanlovning birinchi sharti – har bir qizimiz oʼzlarini tanishtirdilar. Tanishtiruvni qizlarimiz qoyillatib bajardilar. Qizlarning notiqlik mahorati, sheʼriy satrlarni maromiga yetkazib ifoda etishlari tomoshabinlarning olqishlariga sazovor boʼldi.

Ikkinchi shart erkin mavzu boʼlib, har bir qizimiz oʼz qiziqishlaridan kelib chiqib, birlari sheʼr atishdi, baʼzilari raqsga tushishdi yana birlari qoʼllarida dutor olib, qoʼshiq aytib, barcha yigʼilganlarni hushnut etishdi. Uchunchi shart – pazandalik sharti boʼlib, bu shart boʼyicha ham qizlar oʼzlarining bor mahoratlarini ishga soldilar. Bunda har bir qizimizni bahoriy toam chuchvarani tez chiroyli va koʼp tugush boʼyicha bellashishdi. Taqsimchalarga solinib, biri-biridan chiroyli tugulgan chuchvaralar qizlarning yuksak dididan darak berib turardi.

 – Bunday tadbirlar qizlarimizning har tomonlama barkamol, milliy urf-anʼanalarimizdan boxabar bo’lib voyaga yetishlarida katta ahamiyatga ega, – deydi tadbirda soʼzga chiqqan universitet xotin-qizlar kengashi raisi Z.Karabayeva. – Qizlarimizning sharqona odobi, ibo-hayosi, momolar udumlaridan xabardorliklari ularning kelgusida yaxshi turmush oʼrtogʼi, oila bekasi, ona boʼlib voyaga yetishlari, ular qurajak oila jamiyatimizning mustahkam poydevoriga munosib hissa qoʼshishidan darakdir deb oʼz fikrlarini bildirib oʼtdi. Biz esa ushbu tadbirni tashkillashtirgan fakultet dekani Sh.Narbaev, Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini H.Eshova, fakultet xotin-qizlar kengashi raisi Z.Xafizova, fakultet tuyutorlari D.Ibragimova, A.Xayitova, S.Ibragimovalarga oʼz minnatdorchiligimizni bildiramiz.

YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash boʼyicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti

Universitet matbuot xizmati