TIQXMMI yangiliklari

img
06.02.2024

“QALQON” jamoatchilik guruhiga ishonch

      Yurt qismati, vatan taqdiriga daxldorlik tuyg’usi bilan qaraydigan, yashaydigan inson  chin ma’noda fuqarolik burchini anglagan bo’lishi tabiiy. Yurt qo’riqchisi, vatan posboni degan tushunchalarning o’rni bu borada ahamiyatlidir. O’z vatanini sevgan inson ona yurt taqdiri uchun kerak paytda qalqon, kerak paytda qilich bo’la oladi. “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida tashkil etilgan “QALQON” jamoatchilik guruhi bu borada ibratomuz ishlarga bosh-qosh. Bugun universitetimizda ana shu guruh a’zolariga ishonch yorlig‘i va a’zolik guvohnomalarini topshirish tadbiri tashkil etildi. Tadbir boshlangunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoshidagi orkestr jamoasi vatanparvarlik mazmunidagi, jangovar ruhdagi kuylarni jaranglatib turdi.

Universitet hovlisida tashkil etilgan ushbu tadbirda mehmon sifatida Respublika “Qalqon” jamoatchiliklar guruhi rahbari Anvarmirzo Murodillayevich Qudratov hamda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qoshidagi Harbiy kursantlar ishtirok etishdi.

Tadbirni Anvarmirzo Qudratov tabrik so’zi bilan boshlab berdi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi sifatida mavzuga oid o’zi yozgan she’rlaridan birini o’qib berdi.

So’ngra universitetimiz rektori professor Mirzayev Bahodir Suyunovich hamkor mehmonlarni, harbiy orkestrni, “QALQON” jamoatchilik guruhi a’zolarini samimiy qutladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kursantlari tomonidan tayyorlangan kompozitsion harbiy chiqishlar yigitlarning chaqqon va chapdastligini ko’rgan talabalarimizni hayratga cho‘mdirdi, zavqqa to’ldirdi.

Keyin esa “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolariga ishonch yorlig‘i va guvohnomalarni topshirish, tashakkurnomalarni taqdim etish boshlandi.

Tadbir yakunida rektor Bahodir Mirzayev Anvarmirzo Qudratovga va harbiy orkestr boshlig’iga Universitetimiz timsoli tushirilgan bir qator sovg’alarni hamda ramziy bo’yinbogni hurmat bilan taqdim etdi. Barchaning esdalik uchun rasmga tushishlari bilan tadbir nihoyalandi.

Universitet matbuot xizmati