TIQXMMI yangiliklari

img
30.06.2023

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun - Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigi yo‘llab, faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotladi

Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda alohida faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan fidoyi va mard o‘g‘lonlarimizni munosib rag‘batlantirish qaroriga binoan «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» Milliy tadqiqot universitetining tayanch doktoranti Melikuziyev Sarvarbek Maxmud o‘g‘li «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlandi va bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida pul mukofoti ham berildi.

“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti haqida

Prezidentning 2017-yil 21-noyabrdagi [PQ-3402-son] qarori bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 2 nafardan vakillariga har yili Yoshlar kuni arafasida topshirish haqidagi taklifi ma’qullangan.

“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi.

“Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga talabgorlar O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi. Uning natijalariga ko‘ra komissiya tomonidan prezidentga takliflar kiritiladi. “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash prezident qarori bilan amalga oshiriladi.

“Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan o‘quvchilar OTMlarning bakalavriat bosqichiga, oliy o‘quv yurtlari talabalari yoki bakalavr darajasiga ega yoshlar esa magistratura bosqichiga tegishli yo‘nalish bo‘yicha kirish imtihonlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.