TIQXMMI yangiliklari

img
20.04.2023

Orol dengizi muammosini hal qilishda yana bir qadam

Professor Tursunov Obid Bobokulovich oʻzi rahbarlik qilayotgan Oʻrmon xoʻjaligi Ilmiy Tadqiqot Instituti 2-kurs tayanch doktoranti Ergashev Olimjon va "TIQXMMI" MTU 1-kurs tayanch doktoranti Karimov Islom bilan birgalikda Orol dengizi qurigan tubini oʻrmonzorlashtirish jarayonini jadallashtirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Ushbu tadqiqot ishi natijasida Orol dengiziga ekiladigan choʻl oʻsimliklarining oʻsish va rivojlanish jarayonlari bir necha marta tezlashishi kutilmoqda. 2022-yilda boshlangan ushbu ish ustida hozirga qadar salmoqli ilmiy va amaliy ishlar bajarilgan.

Xususan, Orol dengizidagi choʻl oʻsimliklari, dengiz qurigan tubidagi ekologik muhit oʻrganilgan. Oʻrmonzorlashtirish maqsadiga mos oʻsimlik turi tanlangan va uning unib chiqishi va oʻsib rivojlanishini jadallashtirish texnologiyasi ishlab chiqilgan. Bunda oʻsimlik urugʻini foto-avjlantirish jarayonlari tadqiq qilingan. Ushbu usul bilan oʻsimlik urugʻiga ishlov berish oʻsimlikning unib chiqishi va oʻsishini jadallashtiradi, uning sub-optimal sharoitlarga moslashuvchanligi va oʻsishini taʼminlaydi. Shuningdek bu usul oʻsimliklarning biomassa sifatidagi energetik qiymatini ham oshiradi.Bunday usul ilk bor ilmiy asos va amaliy tajribalar bilan amalga oshirilmoqda.

Ushbu ilmiy ish doirasida 2023-yil 13-16 aprel kunlari professor va tayanch doktorantlar  Orol dengizining qurigan tubidagi genofond dala maydonida tajriba ishlarini amalga oshirdilar. Professor Tursunov Obid Bobokulovich boshchiligida dastlabki ishlov berib ekilgan urugʻlarning holati baholandi va yangi usulda ishlov berilgan urugʻlar tajriba dalasiga ekildi. Olimlarimizning soʻzlariga koʻra hozirda tadqiqot natijalari ijobiy baholangan. Olimlarimiz va tadqiqotchilarimiz olib borayotgan ushbu ilmiy ish global muammo hisoblangan Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish jarayoniga katta hissa qoʻshishiga ishonamiz!

“Elektr ta’minoti va qayta tiklanuvchan energiya manbalari” kafedrasi assistenti R.Qobilov axboroti

Universitet matbuot xizmati