TIQXMMI yangiliklari

img
23.05.2023

Oila – mehr va baxt qo'rg'oni

Joriy yilning 22 may kuni “TIQXMMI” MTU GTQ fakulteti 103 guruh talaba yoshlari bilan universitet psixologi M.K. Muhammedova va  GTQ fakulteti tyutori X.Saidovalar hamkorlikda o'tgan "Xalqaro oila kuni" munosabati bilan talaba yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida “Oila – muqaddas dargoh” mavzusida tadbir tashkil etishdi. Sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas Vatan sanalgan. Agar oila sog'lom va mustahkam bo'lsa, mahallada tinchlik va hamjihatlikka erishiladi. Binobarin, mahalla-yurt mustahkam bo'lsagina, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi. Zero, oila farovonligi – milliy farovonlik asosidir. Xalqimiz tarixiga nazar tashlaydigan bo'lsak, eng qimmatli an'analar: halollik, rostgo'ylik, or-nomus, sharmu-hayo, mehru-oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar, eng avvalo, oilada shakllangan. Oila jamiyatning asosiy negizi. Sog'lom oila muhitini yaratish, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog'lom avlodni shakllantirish esa sog'lom kelajak demakdir. Oila haqida gapirar ekanmiz, avvalambor, oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta'minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, kelajak nasllar qanday inson bo'lib yetishishiga bevosita ta'sir ko'rsatadigan tarbiya o'chog'i ekanini tan olishimiz darkor. Oila haqida so'z yuritar ekanmiz, avvalo, ko'z o'ngimizda Ona siymosi shakllanadi.

Oila muqaddasligini ta'minlovchi birinchi omil – Ona, ahli ayolning pokizaligi, oqilaligi, mehru muruvvati, sadoqati va vafodorligidir. Ayol kishi oilaning bir bo'g'ini hisoblanadi. Alloh taolo ayollarga ona bo'lishdek, sharafli va o'ta mas'uliyatli vazifani yuklagan. Ayol kishi avvalo, Ona sifatida qadrlanadi. Payg'ambarimiz Muhammad(s.a.v.): “Jannat – onalar oyog'i ostidadir”, - deb marhamat qilganlar. Bugungi kunda onalarimiz, ayollarimiz oilaning sog'lom iqlimi, oila bag'rida farzandlarini el-yurtining munosib o'g'il-qizlari, Vatanining haqiqiy sodiq fuqarosi bo'lib voyaga yetishlariga jon kuydirmoqdalar. Hayotda turmush yumushlarining ko'p qismi ayollar zimmasiga tushadi. Agar ayol hayotda ham jismonan, ham ma'nan sog'lom bo'lsa, jamiyat sog'lom bo'ladi. Chunki, kelajakning mevasi bo'lmish farzandlar onalar sababli dunyoga keladilar. Ularga boshlang'ich ta'lim-tarbiya va odob-axloqni ular o'rgatadilar. Shunday ekan, kelajak avlodning barkamol bo'lishi ayollarning har jihattan yetuk bo'lishiga bog'liqdir. Bejiz hikmatlarda: "Har bir buyuk shaxsning ortida ayol bor" deyilmagan.Tadbirda oilaning mustahkam bo'lishiga ta'sir etuvchi omillar: ayol kishi serqirra bo'lsa komil farzandlarni tarbiya qila olishi, farzand tarbiyasida kitobning o'rni, ayolning eri oldidagi, erning ayoli oldidagi, kelinning qaynonasi oldidagi vazifalari haqida fikrlar yuritildi. Tadbir davomida talabalarning oilaga qay darajada tayyor ekanliklarini aniqlash maqsadida “Siz oila qurishga tayyormisiz?”, “Turmush o'rtog'ingiz qanday bo'lishini istaysiz?” mavzusida so'rov o'tkazildi. Berilgan savollarga barcha ishtirokchilar o'z fikr va mulohazalarini bildirib o'tishdi. Shohruh, Hasan, Husan, Temur va Zuhrriddinlar tadbirda faol qatnashishdi. Tadbir barcha ishtirokchilarda katta taassurotlar uyg'otgan holda o'z yakuniga yetdi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati