TIQXMMI yangiliklari

img
01.03.2024

Nuroniy ustozlarni e’zozlash - insoniy fazilat

Keksalik yoshiga yetib borish ham aslida ne’matlardan biri hisoblanadi. Yosh nihol davridan tetik navqiron holga kelguncha to‘g‘ri yo‘lga boshlagan ustozlar holidan xabar olib tursak, ularga imkonimiz darajasida oqibat, mehr-muruvvat ko‘rsatsak ulkan savoblarga ega bo‘lish bilan birga ularning hayotiy tajribalari hamda turmush saboqlaridan foydalana olishimiz mumkin.

29 fevral kuni Universitetimiz xodimlari “Oliy matematika” kafedrasi katta o‘qituvchisi lavozimida faoliyat olib borgan, bugungi kunda nafaqada bo‘lgan ustoz Raximjon aka Isamuxamedovni har to‘rt yilda bir marta nishonlanadigan shukurona kunlari bilan muborakbod etish uchun ularning xonadoniga tashrif buyurishdi. TIQXMMI MTU rektori  prof.B.S.Mirzaevning ustoz R.Isamuxamedovga el-yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirgan ibratli ishlari, uzoq yillik sharafli pedagoglik faoliyati, samarali mehnatlari e’tirof etilgan tabrik xati yetkazildi.

O‘z umrini ta’lim-tarbiyaga, yosh avlodni barkamol insonlar etib kamolga yetkazishga bag‘ishlagan, o‘zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, ko‘z nuri va qalb qo‘ri, butun borlig‘ini ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qilib kelayotgan nuroniy ustozdan duolar olishdi. Bugun shogirdlar tomonidan nuroniy ustozlarga berilgan e’tibor va mehr namunasi kelajakda yoshlarning samarali mehnati va shijoatiga sabab bo‘lishi shubhasiz.