TIQXMMI yangiliklari

img
02.12.2022

Nomusimizga aylangan xalqchil qomusimiz

Jaloliddin Rumiydan “Bu dunyoga kelib nimani bildingiz”- deb so‘rashsa, u “Haddimni bildim” deb javob bergan. Demak had - hududni bilish haq - huquqni tanish demakdir. Huquq va burchini bilmagan inson bu dunyoga kelib yashamapti desa ham bo‘ladi. Jamiyatning tartib tizginini, tuzum va tizimning mohiyatini ifoda etuvchi hujjat - mamlakat konstitutsiyasidir. Shuning uchun ham u Asosiy qonun, bosh qomusimizdir. Millatning tabiati, tiynati, urf-odati, madaniyati, ta’lim olishdan tortib dam olish huquqlarigacha huquqiy me’yorlar bilan belgilanadigan hujjat bu.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev o‘z chiqishlarida mustaqilligimizning mazmun - mohiyati va kuchi xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashining o‘sishi va huquqiy savodxonligining tobora osha borishi bilan bog‘liqligini ta’kidlaydilar. Konstitutsiyamiz umuminsoniy g‘oyalar - tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug‘ g‘oyalarni o‘zida mujassamlashtirgan.

Mustaqil Respublikamizning Konstitutsiyasi qabul qilinganligiga 30 yil to‘lishiga daxldor “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “Konstitutsiya – mamlakat taraqqiyotining huquqiy poydevori” mavzusida “Madaniyat saroyi” o‘tkazilgan tadbir ham mohiyat e’tibori bilan o‘sha qutlug‘ sanaga bag‘ishlandi.

Universitet rahbariyati boshchiligidagi rektorat a’zolari o‘zlariga belgilangan o‘rindiqlardan joylarini egallagach, Davlat madhiyasi yangradi. Harbiy orkestr bilan barcha o‘rinlaridan turib, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha jo‘r bo‘lib madhiyani kuylashdi.

Musiqiy tantanali bayram tadbirini ochib berish va tabrik uchun Milliy tadqiqot universitetimiz rektori, texnika fanlari doktori, professor Mirzaev Bahodir Suyunovichga so‘z berildi. Rektor barchani bayram bilan samimiy qutladi. Ayni paytda universitetimizning iqtidorli talabalari o‘rtasida Abdulla Oripov nomidagi stipendiyasi 2022 yil g‘oliblarini taqdirladi.

Sahnada Abdulla Oripov nomidagi stipendiya g‘oliblari mamnun holda rektor bilan suratga tushishga ham ulgurishdi. G‘oliblar ro‘yxatini keltiramiz.

1. Fayzullaev Bexzod Shaxzod o‘g‘li – “Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” fakulteti 1-bosqich talabasi 

2. To‘qsonov Jasur Ikrom o‘g‘li – “Qishloq va suv xo‘jaligi elektr ta’minoti fakulteti” 1-bosqich talabasi 

3. Abilkasinova Aynash To‘rexan qizi – “Gidromelioratsiya” fakulteti  3-bosqich talabasi 

4. Uraimova Xonzodabegim Mirzaaziz qizi – “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti 1-bosqich talabasi

5. Ro‘ziboeva Maftuna Shukurjon qizi – “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” fakulteti  2-bosqich talabasi 

6. Baxriddinova Nodira Hasanbek qizi – “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti  2-bosqich talabasi 

7. Norqo‘zieva Nozimaxon Sobir qizi - Magistratura bo‘limi, 1-bosqich talabasi

8. Hasanov Ro‘ziboy Botir o‘g‘li - Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti Magistratura bo‘limi 1-bosqich talabasi 

9. Mulkamalov Sobir O‘rol o‘g‘li - Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, 3-bosqich talabasi

So‘ngra so‘z tadbir mehmoni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining sudyasi, birinchi malaka darajali sudya, yuridik fanlari nomzodi Raxmanov Akmal Ergashevichga berildi. U ijtimoiy hayotimizda xalqchil qomusimizning o‘rni haqida mulohazalar bildirdi. Keyin esa O‘zbekiston Milliy tiklanish partiyasi nomidan mutasaddi rahbarlar so‘zga chiqib universitet rahbariyatini qizg‘in qutladi.

So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi namunaviy harbiy orkestri o‘z san’atini namoyish etdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ilhom Farmonov ijrosida bir juft qo‘shiq hamda O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalari ijrosida go‘zal raqslar ishtirokchilarga havola etildi. Tadbirning mazmundor va qiziqarli o‘tishida GM fakultetining jamoasi va talabalari faollik ko‘rsatishdi. Bayram tadbiri ko‘tarinki kayfiyatda o‘z nihoyasiga yetdi.

 Universitet matbuot xizmati