TIQXMMI yangiliklari

img
04.12.2022

Muruvvat - mehru muhabbat mahsuli

Har bir insonning hayotda o‘z o‘rni bo‘ladi. U dunyoga kelar ekan, o‘zining rizqi nasibasi bilan keladi deyishadi. Shunday ekan, bu nasiba insonlarning mehri va muruvvati orqali ham yetkaziladi. Inson qanday holatda bo‘lmasin, bir-biriga muruvvali bo‘lishning xosiyati katta. Ayniqsa, buning kuni kecha mohiyati yuqori darajada bo‘ldi. Har bir insonning hayotda o‘z o‘rni bo‘ladi. Ayniqsa, taqdirning taqozosi, haqning rizosiga ko‘nib bizlar bilan zamondosh bo‘lib yashayotgan nogironlarga e'tibor ustuvor ahamiyat kasb etmasdan qolmaydi.

Kuni kecha  3-dekabr "Xalqaro nogironlar kuni" munosabati bilan "Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti'' Milliy tadqiqot universiteti oshxonasida nogironligi bor bo‘lgan talabalar uchun osh dasturxoni tashkil etildi. Unda fakultet dekanlari, prorektorlar hamda boshqa mutasaddi xodimlar faol ishtirok etishdi. Universitet rektori, professor Bahodir Mirzayev so‘zga chiqib xalqimizga xos saxovatpeshalik, muhtojlarga qo‘l cho‘zish kabi qadriyatlarimiz doimo amalda ekanini ta'kidlab, o‘qish uchun, tahsil olish uchun intilgan har bir talabaga biz imkoniyatimiz doirasida yordam berishni o‘z burchimiz, vijdon amrimiz deb bilamiz deya ta'kidlab o‘tdi. Bayram munosabati bilan rag‘batlantirishlar va ularga qo‘shimcha pul mukofotlari berilishini ham e'tirof etdi.

Tadbirning eng e'tiborga molik jihati shundaki, "Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish" fakulteti talabasi, birinchi guruh nogironi Gulnoz Saidovaga doimiy nogironlik aravachasi o‘rniga yangi, elektron tarzda avtomatik boshqariladigan  nogironlik aravachasi tuhfa qilindi. Uning mamnun va xursandligining cheki yo‘q edi. Shuningdek, nogiron talabalarga ko‘rsatilgan muruvvatdan ularning ko‘zlarida sevinch yoshlari qalqib, yuzlarida nur balqib turganini ko‘pchilik guvohi bo‘ldi. Tadbirda rozilik, shodlik va mamnunlik tuyg‘usi hukmron bo‘ldi. Muruvvat insonlarning mehru muhabbat hosilasi ekaniga yana bir bor iqror bo‘lindi.

Universitet matbuot xizmati