TIQXMMI yangiliklari

img
28.09.2023

   Muhim muammolarga munosib munosabat

Nufuzli davrada oliy minbardan turib umumbashariy muammolarni ko‘tarish insoniyat taqdiri uchun kuyunish chinakam jasorat desak, xato bo‘lmaydi. 19-sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi Prezidentimiz nutqi ana shu fikrga asos bo‘ladi.

Nutqning ruhi va mazmunida uch asos ufurib turdi. Bular hamjihatlik, amaliy hamkorlik va umumiy manfaatlardir. Tabiiyki, mavjud muammolarning yechimi mamlakatlarni maqsadlar yo‘lida jipslashtirishga daxldordir.

“Biz o‘tgan yili umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun masʼuliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat”, – dedi Davlatimiz rahbari.

Shuningdek, Prezidentimiz o‘z chiqishlarida dunyo hamjamiyati diqqatini global va mintaqaviy dolzarb masalalarga va ularning yechimiga qaratgani, qator tashabbuslarning ilgari surganlari bilan eʼtiborga molik bo‘ldi.

Bulardan biri Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli aʼzo bo‘lish bo‘lsa, ikkinchisi aholi turmush darajasini yanada oshirishga qaratilgan siyosatdir. Ayni damda dunyo xalqlari eʼtiborini mamlakatimizga qaratish va xalqimiz tabiatiga xos bag‘rikenglik va mehridaryolik, mehmonnavozlik fazilatlarini bildirish ilinji ham nutqqa samimiylik va ko‘rk baxsh etdi.

“Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz. Mazkur tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini yurtimizda o‘tkazishni taklif etaman”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Davlat rahbari O‘zbekiston bundan buyon ham Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish muhitini mustahkamlash yo‘lidan qatʼiy borishini taʼkidladi. Mamlakat va barcha qo‘shnilarning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lingani haq.

Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi bir-birini tushunish tuyg‘usi muvaffaqiyatlarimizga garov bo‘layotgani taʼkidlandi.

O‘zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod oshgani, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sgani, mintaqa iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib borayotgani buning isbotidir.

“Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!”, – dedi yurtboshimiz.

Mamlakat “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish asnosida O‘zbekistonda Osiyo xotin-qizlari forumini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif ham ijobiy mohiyat kasb etdi.

O‘zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida ko‘rilayotgan choralar, mintaqadagi iqlim o‘zgarishining salbiy taʼsiri va suv bilan taʼminlanganlik darajasining kamayish tendensiyalari to‘g‘risidagi maʼlumotlar keltirib o‘tilishi mintaqaviy munosabatlarni reallashtirishga xizmat qiladi.

Bu vaziyatdan kelib chiqqan holda, BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi taʼsis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasi yaratilishi va mintaqada qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi xususidagi takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

"Bu borada “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman. Biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz. Uning asosiy mazmunini kelgusi yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz, – dedi prezidentimiz.

Prezident nutqida Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish hamda 2024-yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbuslarining ilgari surilishi jahonshumul mohiyat kasb etdi.

Bu esa insonparvarlik yordamlarini ko‘rsatayotganimiz Afg‘on xalqiga eʼtiborni kuchaytirish asnosida tinchlikni mustahkamlash borasidagi maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga daʼvat jihatidan eʼtiborga molik bo‘ldi.

“Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak”, – dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz yetakchisi BMTning yuksak minbaridan turib irod etgan 24 daqiqalik nutqida dunyo hamjamiyatiga, xususan, mamlakatimizga bevosita daxldor bo‘lgan muhim muammolarga munosabatini va ularning yechimi borasida dadil fikrlarni aytib chiqishi bir tomondan g‘ururlantirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan bu masalalarni millatimiz ruhi va ko‘zgusi bo‘lgan davlat tilida, O‘zbek tilida jarang sochishi chinakam faxrimiz bo‘ldi desak, yanglishmaymiz.

Har bir davrning, har bir mamlakatning o‘ziga yarasha katta-kichik muammolari bo‘lishi tayin. Lekin global muammolarning yechimi bahamjihatlikda ekani, o‘zaro manfaatdorlikka qurilgan hamkorlik taraqqiyotning kafolati ekanini anglamaslik mumkin emas.

Nutq mazmuni xuddi ana shu ruh bilan sug‘orilgani jihatidan ahamiyatli bo‘lganini taʼkidlash o‘rinlidir.

             Rahimboy Jumaniyozov

Professor, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari.