TIQXMMI yangiliklari

img
25.10.2023

Milliy o'zlikni anglash – taraqqiyot poydevoridir

Joriy yilning 23 oktabr kuni "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy  tadqiqot universiteti 4- Talabalar turar joyi  “Yer resurslari va kadastr”, “Gidromelioratsiya” fakultetlari talaba qizlari bilan  universitet psixologi M.K.Muhammedova va 4-Talabalar turar joyi tarbiyachi pedagogi S.Muhrumboyevalar ishtirokida “Milliylik hamda o'zlikni anglash” va “Kitob bilim bulog'i” mavzularida tadbir tashkil etildi. Tadbir talaba qizlarni ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish hamda milliy o'zlik, milliy an'analarga sodiq bo'lish, kamol topayotgan yoshlarimizni tinchlik va barqarorlikning qadriga yetishlari, Vatanni sevish, uni asrab-avaylab, yanada ranaq toptirish yo'lida fidoyi bo'lishlari uchun keng miqyosda targ'ibot ishlarini olib borish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda universitet psixologi M.K.Muhammedova: “O'zlikni anglash nima degani? O'z-o'zini anglash – bu shaxsning o'z jismoniy va ruhiy xususiyatlari bilan tanishish va o'rganishi bilan bog'lik bo'lgan jarayondir! Bu o'zini va atrofni kuzatish bilan shakllanadi. Shaxs nima uchun o'z-o'zini anglamog'i zarur? O'z-o'zini anglash insonning o'z-o'zini qusurlarini sayqallab, yaxshi tomonga rivojlantiradi. Milliy o'zlikni anglash esa, milliy taraqqiyot poydevoridir. Milliy o'zlikni anglash ajdodlar merosi, milliy taraqqiyot, tarixiy xotira, milliy ong, milliy g'urur, iftixor, milliy xarakter, yosh avlod ongida milliy o'zlikni shakllantirish uchun milliy maktabdir. Insoniyat taraqqiyoti davomida bosgan izlari, qilgan ishlari kelajak uchun, uning tinchligi, ravnaqi uchun bo'lib kelgan. O'zlikni anglash – tarixiy xotirani mukammal o'rganish, nasl-nasabni kim ekanligini, kimlarning vorislari ekanlikni anglab yetishdir”, dedi. So'ngra “O'zlikni anglash deganda nimani tushunasiz?”, “Milliy an'analarga qay darajada sodiqsiz?”,  kabi savollar  o'rtaga tashlandi, shu savollarga har bir ishtirokchi o'z fikr mulohazalarini bildirib o'tishdi.

Universitet psixologi M.K.Muhammedova kitob haqidagi mavzuni yoritish maqsadida o'z fikr va mulohazalari bilan so'zlarini davom etdi: “Kitob o'qish uyquni yaxshilaydi, stressni pasaytiradi, ijtimoiy faollikni oshiradi, so'zamollik qobiliyatini kuchaytiradi, grammatik xatolarga yo'l qo'yishdan asraydi. Oila davrasida birgalikda kitob o'qish esa, ota-ona va farzandlar o'rtasidagi mehr-muhabbatni yuksalishiga sabab bo'ladi”, deb talaba qizlar qalbida kitobga nisbatan mehr muhabbatni yanada kuchaytirish maqsadida: “Yaxshi kitob imkoniyatlar eshigini ochuvchi kalitdir”, “Yaxshi kitobni o'qiganingda dunyodagi eng zo'r kinozal – miya ekanligini anglab  yetasan”, “Kitob tekin va minnatdorchilik bildirish shart bo'lmagan o'qituvchidir”, “Kitob o'qib, uqqan inson donishmandlik durlarini terib, nodir shaxsga aylanadi”, “Eng cho'ntakbop sayohat - kitoblar olamiga safar qilishdir”, deya o'z nutqida kitoblar to'g'risidagi foydali aforizmlardan misollar keltirib o'tdi. Tadbirda “Siz qanday kitobxonsiz?”, deb nomlangan mini so'rovnoma olindi va natijalari muhokama qilindi. Yig'ilish “Sirli shardan sovg'a” treningi bilan yakunlandi. Barcha qizlar shar ichidan chiqqan “sovg'a”ni olib juda ham kayfiyatlari ko'tarilgan holda tadbir yakuniga yetkazildi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

TIQXMMI MTU matbuot xizmati