TIQXMMI yangiliklari

img
09.11.2023

Ko‘chat - ertaning umidi

       “Umid bilan suqilgan tayoq bir kun berar mevayu yaproq” - deb yozgan edi nemis mutafakkiri Gyote bir paytlari. Bu albatta ta’limga ham, bevosita tabiatga ham bog‘liq gap. Yer soz bo‘lsa o‘tkazilgan ko‘chat kurtak yozib meva beradi gullaydi, soya ham beradi,  tagida yotib istirohat qilishga nima yetsin. Yeng shimarib nihollarni o‘tkazish niyati bilan QXM fakultetining bir guruh talabalariga bosh bo‘lib borgan Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Adhamjon Borotov, Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Baxtiyor Hasanov va kaminaning ham hafsalasi pir bo‘ldi. Chunki yomg‘ir sharros quyib berdi.

Lekin tabiat noqulayligiga qaramasdan, ko‘chat o‘tkaziladigan chuqurchalarni tayyorlash ishlariga kirishildi. Ip tortib chuqurlar to‘g‘rilab chiqildi. O‘ttizdan ziyod talaba bu borada jonbozlik ko‘rsatdi.  Shu tobda ulug‘ shoir Uyg‘unning “Nazir otaning g‘azabi” she’ri yodga tushdi. “Menga desa do‘l yog‘maydimi” degan chaqiriqlarini talabalar bir zum bo‘lsada esga olishdi. Har qanday nihol umid uchquni, u hech qachon so‘nmaydi, - dedi Adhamjon Borotov, - nasib etsa shanba kuni jamoamiz bilan qaytadan borib bu ishlarni adog‘iga yetkazamiz” – deb ta’kidlab qo‘ydi u. Yerni tobiga keltirish va toshlarni terib olish va qayta haydash kerakligini uqdim. Yo‘qsa qilingan ishlar, harakatlar besamar bo‘lib qoladi. 50 sm balandlikda tuproq yotqizib tekislash kerak. O‘tgan yili qancha sa’yi harakatlar bilan qilingan ishlar natijasiz bo‘ldi. Buning uchun texnika ajratilishi, buldozer kerakligini aytmoqchi  bo‘lamanu tilimni tiyishga majbur bo‘ldim.

Universitet matbuot xizmati