TIQXMMI yangiliklari

img
26.09.2023

Kiberjinoyatlarga qarshi kurash - qalb amri

Har bir davrning o’ziga yarasha kata-kichik muammolari bo’ladi. Buning sabab va oqibatlarini bilish va unga qarshi kurashish zararli oqubatlariga barham berish davr talabi, ayni paytda ongli insonning burchi, qalb amri hamdir. Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal taraqqiyoti inson va jamiyat hayotida keng imkoniyatlarni yaratdi. Bu, o'z navbatida, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini samarali ta'minlashni taqozo etmoqda. Binobarin, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi natijasida hozirgi kunda jinoyatchilik dinamikasida kiberjinoyatlarning soni tobora oshib borayotgani sir emas.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2020 - yil boshida esa 4,5 milliard nafardan ortiq inson internet tarmog'idan foydalangan. Bu avvalgi yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko'pdir. Xalqaro elektroaloqa ittifoqi (XTAI)ning bergan ma'lumotida aytilishicha, bu borada Evropa davlatlari eng yuqori (82,5 foiz), Afrika davlatlari eng past (28,2 foiz) ko'rsatkichga ega. Shuningdek, tahlillar dunyoda internet tarmog'idan foydalanuvchilarning 26,5 foizini 10-24 yoshdagilar, 26,7 foizini 25-34 yoshdagilar tashkil etishini ko'rsatadi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha esa, xakerlarning aksariyati «bo'sh vaqtini maroqli o'tkazmoqchi bo'lgan» bolalar sanaladi.

Amaliyot tahlili shuni ko'rsatadiki, ko'plab professional xakerlar o'z ishining mohir mutaxassisi va ustalari bo'lib, ular jinoyatlarni ko'pincha moddiy manfaatni ko'zlab sodir etadi, kamdan-kam hollarda siyosiy va boshqa maqsadlarni ko'zlashadi. Demak, yuqori darajada axborot texnologiyalariga oid bilimlarga ega yoshlarni aniqlash, ularni moddiy rag'batlantirish va qiziqishiga mos faoliyat turi bilan shug'ullanishga yo'naltirish amaliyoti mamlakatimizning yoshlarga oid davlat siyosatiga ham mos keladi.

Ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi yo'nalishidagi ishlari tanqidiy muhokama qilingan Ichki ishlar vazirligi hay'atining kengaytirilgan yig'ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan tizimning barcha bo'g'inlarida ish yuritishni raqamlashtirish vazifasining qo'yilishi va Ichki ishlar vazirining Axborot texnologiyalari bo'yicha o'rinbosari lavozimining joriy etilishi muhim ahamiyatga ega voqelikdir. Albatta, bu ichki ishlar organlari tizimida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, yoshlarda axborot texnologiyalari va xavfsizligi sohasidagi jinoyatlarning xavf-xatar va salbiy oqibatlaridan xabardor bo'lishga qaratilgan ijtimoiy xarakterdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taqozo etadi.

Oliy ta’lim tizizmida ham bunday yo’sindagi tushuntirish va targ’ibot tadbirlarining tez-tez tashkil etilishi foydadan xoli emas.

Xuddi shu maqsadda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida “KIBERXAVFSIZLIK” (kiberjinoyatlarga qarshi birga kurashamiz) mavzusining dolzarbligi xususida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor R.Choriyev boshqarib bordi. Unda Mirzo Ulug‘bek tuman IIB kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i kapitan D.Tursunov, tuman IIB kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi leytenant A.Inomov, tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik D.Abdujabborov, Universitet profilaktika katta inspektori mayor A.Ubaydullayev,  yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari hamda universitet professor – o‘qituvchilari  va talabalari, jami 200dan ziyod kishi ishtirok etdi.

 “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti prorektori R.Choriyev kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi mavzu bilan tadbir ishtirokchilarini tanishtirdi. Shuningdek, 2023 - yil fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi IIV Kiberxavfsizlik markazining  profilaktik ishlari yuzasidan talabalar orasida kiberjinoyatlar qurboniga aylanib qolish holatlari, ushbu bo‘yicha 2023-yil statistikasi va bu jinoyatlar qurboniga aylanib qolishni oldini olish, oldiga qo‘yilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlar, qabul jarayonidagi mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan fikrlarini bildirdi. Ayni damda o‘tkazilayotgan bunday tadbirlarning ahamiyati juda muhim ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, «Kiberjinoyatchilik» tushunchasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda, virtual tarmoqda dahshat solish, virus va boshqa zararli dasturlar, qonunga zid axborotlar tayyorlash va tarqatish, elektron xatlarni ommaviy tarqatish, xakerlik hujumi, veb-saytlarga noqonuniy kirish, firibgarlik, ma'lumotlar butunligi va mualliflik huquqini buzish, kredit kartochkalari raqami hamda bank rekvizitlarini o'g'irlash va boshqa turli huquqbuzarliklar bilan izohlanishi to‘g‘risida fikr yuritib o‘tdi.

So’ngra Mirzo Ulug‘bek tuman IIB kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i kapitan D.Tursunov va tuman IIB kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi leytenant A.Inomovlar asrimizning global muammolari qatoriga yangidan-yangi turlari bilan tilga olinayotgan kiberjinoyatchilik kirib kelganiga ham ancha bo'ldi. Shu o'rinda kiberterrorizm va uning jamiyat hayotiga solayotgan xavfining ko'lami ham oshib borayotganini e’tirof etdi.

Zamonaviy terrorchilar uchun kibermakondan foydalanishning jozibadorligi kiberhujumni amalga oshirish katta moliyaviy xarajatlarni talab qilmasligi bilan bog'liq ekanligini takidlab o‘tdi. Xususan, ular kiberjinoyatchilikka qarshi kurash faoliyatida O'zbekiston Respublikasi va uning xalqini axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari orqali amalga oshirilayotgan yoki bunga imkon berayotgan shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini va ularning manfaatlari tashqi hamda ichki kibertahdidlardan himoya qilinishini ta'minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, kiberjinoyatlar va kiberhuquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va barham berish kabi vazifalarni amalga oshirishi darkor ekanligini barchaga tushuntirib o‘tildi.

Shundan so‘ng Universitet profilaktika katta inspektori A.Ubaydullayevga so‘zga chiqib fikr - mulohazalar berib o‘tdi. A.Ubaydullayev o‘z so‘zi davomida maqsad, talaba-yoshlarni kibertahdidlardan himoyalash va ular o‘rtasida ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borish ekanligini hamda internetdagi tahdidlarni barvaqt oldini olish bo‘yicha kompleks targ‘ibot chora-tadbirlarining mazmuni va mohiyatiga to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir yakunida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti professor-o‘qituvchilari, xodimlari va talabalar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga tegishli javoblarni olishdi.

 

UNIVERSITET MATBUOT XIZMATI