TIQXMMI yangiliklari

img
30.05.2023

Kasb-hunar – kelajak poydevori

“TIQXMMI” MTU GTQ fakulteti 103-106-109-211 guruh talaba yoshlari bilan universitet psixologi M.K. Muhammedova va GTQ fakulteti tyutori X.Saidovalar hamkorlikda “Kasbim mening – faxrim” mavzuida davra suhbati va trening tashkil etishdi. Tadbir talabalarda tanlagan kasblari eng dolzarb, insoniyat uchun zaruriy  kasblardan ekanligi haqida ma'lumotlar berish, ularni tanlagan kasblariga nisbatan muhabbatlarini oshirish,  mehnatsevarlik  ruhida tarbiyalash, kelajakda o'z kasb korlari tufayli yuksak cho'qqilarni egallab, yangi kashfiyotlar yaratishga motivatsiya berish va oliygohparvarlik hissini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.

Ma'lumki, har qanday kasbni puxta egallash, o'z kasbining mohir ustasi bo'lish uchun ana shu kasbga taalluqli ilmni mukammal egallash zarur. Kasbiga muhabbati bor inson o'z mehnatidan charchamaydi, balki rohatlanadi. Kasbi tufayli atrofdagilarga yordami tegsa, inson o'zini baxtli hisoblaydi. Tadbirda “Siz nega shu yo'nalishni tanladingiz va kelajakda shu soha rivojiga qanday hissa qo'shish niyatidasiz?” savoli o'rtaga tashlandi va muhokama qilindi. Tadbir davomida 103-guruh talabalaridan Abdulaziz, Avazbek, Roman; 106-guruhdan Zahro; 109-guruhdan Shahzoda, A'zam, Mohinur; 211-guruhdan Shahzod, Charos, Zulxumor, Sherbek, Safargullar o'z fikr mulohazalari bilan faol qatnashdilar. Ayniqsa 103-guruh talabasi Muzalevskiy Romanning teran fikr mulohazalari hech bir ishtirokchini e'tiborsiz qoldirmadi. Roman o'zi tahsil olayotgan sohaning dolzarbligi va faoliyat olib borayotgan ishi haqida qiziqarli ma'lumotlar berib o'tdi. Roman o'z nutqida: universitetimizning asosiy darvozasida yozilgan “Suv asosdir hayotga, bilim esa taraqqiyotga” shioriga har safar ko'zi tushganda motivatsiya olishini va yig'ilish ishtirokchilariga ham muvaffaqiyat sari olg'a odimlash borasida o'z fikr va mulohazalarini bildirib o'tdi.

Biz barcha talbalarimiz qalbida Romandagi kabi o'qishga chanqoqlik va ishtiyoq kuchayishini tilab qolamiz. Bugungi kunda rahbariyatimiz tomonidan oliygohimizda jahon andozalariga mos keladigan shart-sharoitlar yaratilayotgani, zamonaviy ilg'or texnika va texnologiyalar bilan jihozlanayotganligi talabalarimizning saviyalarini oshishiga o'z kasblarini mukammal egallashlariga xizmat qiladi. Kelgusida barcha talabalarimizdan Vatanimiz ravnaqiga ulkan hissa qo'sha oladigan kadrlar chiqishiga ishonamiz.    

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

"TIQXMMI" MTU matbuot xizmati