TIQXMMI yangiliklari

img
15.02.2023

Harakat va xarajat - barakat belgisi

Har bir davr, har bir makonning o‘ziga yarasha katta yoxud kichik muammolari bo‘ladi. Bu tabiiy hol. Buning yechimi esa aql ko‘zi bilan qarab qalb ko‘zi bilan his etish orqali ish yuritish zarurligini taqozo etadi. Davlatimiz rahbari yaqin kunlarda avval vodiyga keyin esa Jizzax va Toshkentda bo‘lganlarida xalq dardi va tashvishlarini bartaraf etish hamda ularning istaklarini o‘rganish va ijobiy hal etish bobida oqilona hamda odilona rejalar tuzganlari haq. Noqulay ob - havo sharoiti ham muammolarni yana biroz kuchaytirgani ham aniq. Bugungi kunda energiya resurslari bilan bog‘liq muammolar yana yuzaga chiqdi. Prezident qaysi viloyatda bo‘lmasin, bir qator vazifalarni hal etish,  bu borada qanday ishlarni amalga oshirish borasida keng jamoatchilik bilan fikrlasharkan, masalalarga yechim topish borasida bir narsaga alohida urg‘u qilindi. Birgalikda hamjihatlik bilan oqilona yondoshilgandagina har qanday muammo hal qilinishi uqtirildi. O‘z taklif va mulohazalarini emin erkin bildiruvchi shaxsga nisbatan Prezident e’tiborli ekanini ta’kidladi. "Qancha pul kerak, men sizga o‘xshagan odamlarni qidirib yuribman, 5 mlrd pul beraman"- degan fikrlari ko‘pchilikka ruhiy dalda bo‘ldi.

Yurt ishi, xalqning o‘y -tashvishlari uchun kamarbasta rahbarni Toshkent shahri va viloyatidagi mehnatkashlar bilan uchrashuv paytlarida ham yaqqol sezish qiyin emas. Toshkent shahrini energiya resurslari bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida Prezident tomonidan belgilab berilgan qo‘shimcha vazifalarga e’tibor qilaylik. Sanoat  zonalari va yirik korxonalarda quyosh panellari o‘rnatish orqali 400 million kilovatt soat elektr chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlash zarurligi ta’kidlandi. Izlagan imkon topishi aniq. Quyosh panellarining o‘rnatilishi elektr energiyadan foydalanish va tejashda ham muhim omildir. To‘g‘ri, bu borada ancha xarajat talab etiladi. Xalq ehtiyoji uchun bo‘layotgan ekan, har qancha sarf-xarajatdan qochmaslik uqtirildi. Chunki, harakat va  xarajat uyg‘unligi barakatning belgisi. Bu haqiqatga sodiq qolish va sobit turish istiqbolga, farovonlikka yo‘l ekanini aslo unutmaslik kerak. Xuddi shuningdek, e’tibor qaratilgan jihatlaridan biri ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga 75 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarishni ta’minlashdir. Bu shunchaki raqamlar emas. To‘g‘ri, nemis mutafakkiri Yogan Gyote "Raqamlar dunyoni boshqarmaydi, lekin ular dunyoni qanday boshqarilayotganini bildiradi» deyishi bilan haqli. raqamlar zamirida maqsad va intilish bor. Demak, bularni amalga oshirsak, elektr energiya resurslari bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topishi aniq. Shuningdek, poytaxtdagi sanoat korxonalarida elektr yo‘qotishlarini 1 foizga kamaytirish va energiya samaradorligini 3 foizga oshirish masalasi ham qo‘yildi.

Ayni paytda Yuqorichirchiq tumanida 500 megavattli yirik quyosh elektr stansiyasini qurish masalasi ham kun tartibiga olindi. 1 ming 817 ta ko‘p qavatli uylarning ichki isitish tizimini to‘liq yangilash kundalik vazifa sifatida qo‘yilganidan aholi benihoya shod. Bularni aytish oson, amalga oshirish mushkulligini bilamiz. Buning uchun esa kuchlarning birlashishi va safarbarlik zarur ekanligini prezidentimiz idrok eta turib mutasaddilarni bu ishga biriktirdilar. 300 kilometr magistral issiqlik tarmoqlarini yangilab, yo‘qotishlarni 5  foizga kamaytirish muhimligi vazifa sifatida qo‘yildi. Tabiiyki, bu harakatlar Yangi O‘zbekistonning ruhi va shukuhiga monanddir. Bu esa shu borada tashlangan dadil va qutlug‘ qadamdir. Ushbu harakatlar va xarajatlar shaharda qayta tiklanuvchi energiya joriy qilish masalasini keltirib chiqaradi. Buning uchun 1 mlrd. dollar yo‘naltirilishi haqidagi Prezident mulohazalari e’tiborimizni tortibgina qolmasdan, balki masalaga negativ nazar bilan emas pozitiv yondashish hamjihatlik va birdamlik bilan birgalikda ish tutishimizni talab etadi. “Olma pish og‘zimga tush” qabilida ish yuritadigan zamon o‘tdi. Barchaning mulohazakorlik va g‘ayrat-shijoat bilan ishga kirishish muvaffaqiyatlar garovidir. Bunga astoydil kirishish, har bir muammoni yechimi jamoaning fikri va talablari bilan chambarchas bog‘liqligini his etishimiz muhimdir. Xullas, oqilona reja, maqsadli intilish, odilona, xolisona ish yuritish, sohalar yuzasidan ilmiy izlanish yanada nurli manzillar sari eltadi. Unumli harakat va o‘rinli xarajat barakat mezonidir.

Rahimboy Jumaniyozov

    Professor, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati rahbari