TIQXMMI yangiliklari

img
09.07.2024

Germaniyalik va O‘zbekistonlik olimlar ishtirokida qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha ilmiy seminar tashkil etildi

Germaniya Federativ Respublikasining Berlin shahrida 3 iyulda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti“ Milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” MTU) va Leybnis Agrolandshaftlarini tadqiq qilish markazi (ZALF) professor va ilmiy hodimlari  ishtirokida amalga oshirilayotgan Germaniya fan va ta’lim vazirligi (BMBF) va O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish agentligining “O‘zbekiston-Germaniya” hamkorligidagi SusWEF: “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi sharoitida suv, energiya va oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun barqaror suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari” nomli ilmiy  loyihasi bo‘yicha olingan natijalarning ilmiy muhokamasi va kelajakdagi tadqiqotlarning yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha Berlindagi Leybnis Uyushmasining qarorgohida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda ushbu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan Germaniyalik olim va mutaxassislar ham ishtirok etishdi.

Shu kunning ikkinchi yarmida “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi sharoitida barqaror sug‘orma dehqonchilik” mavzusida xalqaro ilmiy seminar ham bo‘lib o‘tdi. Unda “TIQXMMI” MTU, Germaniya yer fanlar tadqiqot markazi (GFZ), Leybnis nomidagi qishloq xo‘jaligi muhandisligi va bioiqtisodiyot instituti (ATB Potsdam), Leybnis o‘tish davridagi iqtisodiyotda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti (IAMO), Berlinning Gumboldt nomli Universiteti, Drezden Texnika Universiteti hamda ZALF olimlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Shuningdek, 4 iyul kuni Germaniya Federativ Respublikasining Myuncheberg shahrida ZALF hamda “TIQXMMI” MTU ning hamkorligidagi O‘zbekistonda ilk Jonli Laboratoriya (Living Lab) ni yaratish bo‘yicha tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu tadbirlar “O‘zbekiston-Germaniya” hamkorligidagi SusWEF loyihasi, Germaniya Ilmiy Tadqiqot Fondi (DFG) va Berlinning Gumboldt nomli Universiteti tomonidan moliyalashtirildi.