TIQXMMI yangiliklari

img
11.02.2023

Bu gulshanda barhayotdir nazm va navo

Joriy yilning 9 fevral kuni "TIQXMMI" MTU GM fakulteti 2-kurs 205-guruh talaba yoshlari bilan universitet psixologi M.K. Muhammedova va GM fakulteti tyutori D.Axrarovalar hamkorlikda “El netib topgay menikim” mavzuida seminar trening o'tkazishdi. Trening Alisher Navoiy asarlaridagi ezgu g'oyalardan yoshlarimizni bahramand etish, yigit-qizlarni buyuk ajdodlarimiz merosiga yuksak ehtirom ruhida tarbiyalashga alohida e'tibor qaratish va yoshlarning savodxonligini yuksaltirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda buyuk shoir va mutafakkir alloma Alisher Navoiyning bebaho ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixi rivojida alohida o'rin tutishi, alloma o'zining asarlarida yuksak umuminsoniy g'oyalarni, ona tilimizning beqiyos so'z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o'rin egallagani va shu kunlarda Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan joylarda Navoiy ijodini yanada keng o'rganish va targ'ib qilish maqsadida adabiy-badiiy anjumanlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar va navoiyxonlik kechalari o'tkazilayotgani haqida ma'lumotlar berib o'tildi. Yig'ilish davomida “Savodxonlik darajasini aniqlash” mavzusida so'rovnoma olib, javoblari muhokama qilindi va hozirgi zamon yoshlari Navoiy bobomiz kabi buyuklikka intilib, savodxonliklarini oshirib, hayotda o'z o'rinlariga ega bo'lishlari lozimligi ta'kidlab o'tildi. Tadbir bahs va munozaralarga boy tarzda kechdi. Talabalar o'zlari uchun foydali ma'lumotlarga ega bo'lishgan holda seminar trening o'z nihoyasiga yetdi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati