TIQXMMI yangiliklari

img
21.03.2024

Abadiyat adibini ardoqlab

      Xotirlash insonning jamiyatdagi o‘rni va xizmatlariga munosabat demakdir. U o‘zining imkoniyati va iqtidorini elu yurtining manfaatlari, xalq taqdiri bilan bog‘lagan bo‘lsa,  chinakam ma’noda Abadiyat adibiga aylanadi.

"Adiblar xiyoboni"da qahramon shoirimiz Abdulla Oripovni xotirlash va shoir tavalludi hamda Navro‘z ayyomining uyg‘unligiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi, " Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" Milliy tadqiqot universiteti hamda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Dastavval, Qahramon shoirimiz haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi, ulug‘vor siymosi oldida ta’zim bajo keltirildi.

O‘zbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning xotirasiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan adabiy va badiiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir 20-mart kuni soat 13:00da shoirning purviqor haykali oldida tashkil etildi. Tadbirda bir guruh ziyolilar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, universitetimiz talabalari hamda professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Dastlabki so‘z "TIQXMMI" MTU  rektori, professor Baxadir Suyunovich Mirzayevga berildi. Rektor universitetimiz miqyosida Abdulla Oripov ijodiyotini abadiylashtirish bilan bog‘liq jarayonlar haqida gapirib ta’lim muassasamiz nofilologik yo‘nalishda bo‘lsada, adabiyot va san’atning chinakam muhibi bo‘lgan ijodkor yoshlar haqida gapirib o‘tdi. Har yili muntazam chop etib kelinayotgan "Ilhom buloqlari" deb nomlangan  talaba yoshlarning turli janrdagi ijod namunalari, mashqlari jamlangan kitobning ahamiyati borasida ham so‘z yuritdi.

So‘ngra O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sirojiddin Said o‘z ustozi, ulug‘ shoir Abdulla Oripov bilan bog‘liq xotirotlarni o‘rtoqlashdilar. Shoirga xos matonat, har xil asabiy qiynoqlardan o‘ta olgani, undagi jur’at va jasorat haqida to‘xtaldi.

Keyin esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonga navbat berildi. U Abdulla Oripovning nazariga tushish 16 yoshga qadam qo‘ygan paytlarida nasib bo‘lgani borasida gapirdi. So‘ngra Vazir Sharipov Kongratbay Avezimbetovichning tadbir ishtirokchilariga yo‘naltirilgan xatini o‘qib eshittirdi.  Kasbiy faoliyati nuqtayi nazaridan vrach bo‘la turib adabiyot va san’atga bo‘lgan mehri ustuvor inson, Shoiraxon Oripova otasi haqidagi xotirotlarini o‘rtoqlashdi. Abdulla akaning umrining oxirida Xyustonda yozgan, yoshlarga qarata bitgan she’rlaridan birini o‘qib berdi.

Universitetimizning ijodkor yoshlar to‘garagining rahbari Xursandbek Ro‘zmetov, tarbiyachi ustozlardan Dilbar Egamova hamda Ra’no Kadirovalar adib ijodiga mansub she’rlardan ijro etishdi. Ayniqsa, "Energetika" fakultetining talabasi yosh shoir Javohir Xalilovning chiqishi barchaga birdek ma’qul keldi. Tadbir ko‘ngildagidek tarzda, mazmunli ravishda kechdi.

Universitet matbuot xizmati