TIQXMMI yangiliklari

img
05.07.2022

Vengriyaning Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universiteti bilan qo’shma magistratura dasturi yo’lga qo’yiladi

“TIQXMMI” MTUning Geodeziya va Geoinformatika kafedrasi assistenti Ilhom Abdurahmanov Vengriya davlatiga xizmat safari davomida joriy yilning 1 iyul kuni Vengriyaning Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universitetiga tashrif buyurib, mazkur universitetning Fuqaro muhandisligi fakulteti dekani professor Sabolch Roza, fakultetning xalqaro dasturlar bo’yicha mas’ul xodimi professor Laslo Gergeli Vig hamda Geodeziya va Geoinformatika kafedrasi professori Lorant Foldvary bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida 2022-2023 o’quv yilidan Geodeziya va Geoinformatika mutaxassisligi bo’yicha ikki tomonlama qo’shma magistratura dasturini yo’lga qo’yish, bu bo’yicha o’zaro shartnoma tuzish va imzolash, uning strukturaviy va moliyaviy masalalari, mavjud fond va stipendiya dasturlaridan foydalanish, qolaversa 2023-2024 o’quv yilidan boshlab esa bu tajribani Gidravlika va suv resurslarini boshqarish mutaxassisligiga ham qo’llash masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida talabgorlarni qo‘shma magistratura dasturiga qabul qilish jarayoni, Geodeziya va geoinformatika mutaxassisligi o‘quv rejasidagi mavjud mutaxassislik fanlari, ularga ajratilgan kreditlar, tanlov fanlari, shuningdek magistrantlar tomonidan to‘plangan kreditlarni o‘zaro tan olish, magistrlik dissertasiyalari himoyasini hamkorlikda tashkil etish kabi masalalar bo‘yicha muhokamalar amalga oshirildi. Uchrashuv so’nggida kelgusida amalga oshiriladigan aniq vazifalar kelishib olindi.

Tashrif davomida Geodeziya va Geoinformatika kafedrasi professori Lorant Foldvary hamrohligida universitet bo’ylab kichik tur tashkil etilib, unda universitet tarixi, binolari va tuzilmasi, ma’ruza zallari, kutubxona va muzeyi, laboratoriyalari, jumladan Geodeziya hamda Gidravlika va suv resurslarini boshqarish laboratoriyalari bilan tanishilib, universitetdagi Nobel mukofoti va sport bo’yicha xalqaro olimpiada sovrindorlari haqida ma’lumotlar berildi. Qolaversa, Gidravlika va suv resurslarini boshqarish yo’nalishida ilmiy ish olib borayotgan PhD tadqiqotchilar bilan uchrashib, ularning olib borayotgan ilmiy ishlari bilan tanishildi hamda kelgusida bu yo’nalishda ham hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Mazkur uchrashuv so’nggida Ilhom Abdurahmanov esdalik sovg’alarini hamkor universitet vakillariga taqdim etdi. Ma’lumot uchun, Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universiteti Vengriyaning texnika yo’nalishidagi yetakchi universiteti hisoblanib, mazkur universitet “QS”ning dunyo universitetlari reytingida top-801, Fan bo’yicha reytingida top-151, bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishi reytingida top-301, Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo universitetlari reytingida 29-o’rinda qayd etilgan.

“TIQXMMI” MTU matbuot kotibi