TIQXMMI yangiliklari

img
18.05.2023

Samarali umr sohibi

“TIQXMMI” MTU  psixologi M.K.Muhammedova va GTQ fakulteti tyutori X.R.Saidovalar hamkorligida GTQ fakulteti 211-guruh talabalari bilan “Qalbimizda mangu yashaysiz Ustoz” mavzusida seminar trening tashkil etildi. Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug' fazilatlaridandir. Darhaqiqat, hayotiy dunyoda yashab, o'zidan ko'plab yaxshiliklar qoldirgan, xalqning xizmatida kamarbasta bo'lib, foniy dunyodan boqiy dunyoga safar qilgan ajdodlarimizni eslashimiz barchamizga lozim vazifa hisoblanadi. Asli mukarram qilib yaratilgan inson doimo hurmat-ehtiromga loyiqdir.

Bugungi  tadbir umri davomida ko'plab xayrli ishlarni qilib, ortidan insonlar qalbida haykal yaratib keta olgan umrboqiy ustozimiz O'.P.Umrzoqovning ezgu ishlarini, insoniylik xislatlarini, Oilaparvarlik, Vatanparvarlik, Oliygohparvarlik xususiyatlarini xotirlash va talaba yoshlarimiz ongida Ustozimizda mavjud bo'lgan go'zal xislatlarni shakllantirish maqsadida tashkil etildi. 8 may kuni “TIQXMMI” MTU Madaniyat saroyida "Xotira va qadrlash kuni" munosabati bilan "Xotira abadiy va qadr aziz" deb nomlangan ma'naviy - ma'rifiy tadbirda qatnashgan talaba yoshlarimiz: Safargul, Zulxumor, Charoslar ustozimiz O'.P.Umrzoqovning xotiralariga bag'ishlangan filmdan ta'sirlangan holda olgan taassurotlari haqida yig'ilish ishtirokchilariga so'zlab berishdi. Ayniqsa Safargul ko'rgan filmi orqali ustoz haqida to'lib toshib juda chiroyli hikoya qilib berdi. Bu talabalarimiz ustozimiz O'.P.Umrzoqovni ko'rishmagan bo'lishsa-da, xuddi bu inson bilan hayotda ko'rishgandek, uni bilgandek so'zlashlaridan filmning naqadar mukammal ishlanganini anglashimiz mumkin. Bu jahondan o'tgan ulug' insonlarni hurmatlash dunyoviy odob-axloq, burch, vazifagina bo'lib qolmay, balki Alloh taoloning nazdidagi buyuk va savobli ish hisoblanadi. Albatta, o'tgan ajdodlarimizni eslasak, ularning haqiga duo qilsak, buni ko'rib turgan farzandlarimiz bundan yaxshi ibrat oladilar. Bu haqda shoir shunday deydi:

Bu sado jondan kelur, inson eshit,

Ey tirik yurgan, tirik qadriga yet.

Eslasin ruhimni avlodim desang,

O'tgan ajdodingni sen ham hurmat et.

Zero, o'tganlarni eslash va ularning haqiga istig'for aytish, qabrlarini ziyorat qilish va duolar qilish barchamizning insoniy burchimizdir. Alloh taolo o'tgan barcha ajdodlarimizni, Ustozimiz O'.P.Umrzoqovni O'z rahmatiga olib, oliygohimiz yuksalishi, xalqimiz tinchligi, yurtimiz obodligi yo'lida xizmat qilgan insonlarning qadrini yanada baland qilsin! Yig'ilish davomida barcha talabalar faol ishtirok etishib, o'z fikr va mulohazalarini bildirib o'tishdi, eng keraklisi hayotda zarur bo'ladigan foydali ma'lumotlarga ega bo'lishgan holda tadbir nihoyasiga yetkazildi.

Universitet psixologi M.K. Muhammedova axboroti

“TIQXMMI” MTU matbuot xizmati