TIQXMMI yangiliklari

img
18.04.2024

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining murojaatlar platformasi orqali fuqarolardan eng ko‘p berilayotgan savollarga javoblar "akademik ta’til olish" tartibi bo‘yicha fuqarolardan eng ko‘p berilayotgan savollarga javoblarni e’lon qilamiz

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining murojaatlar platformasi orqali fuqarolardan eng ko‘p berilayotgan savollarga javoblarni e’lon qilishni davom ettiramiz. O‘tgan safar o‘qishni ko‘chirish borasidagi savollarga javob bergan bo‘lsak, bu galgi mavzumiz – akademik ta’til olish tartibi.

1.Talabaman. Qanday holatlarda akademik ta’til olsam bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 344-son qaroriga muvofiq, 5 ta  holatda talaba akademik ta’til olishi mumkin. Bular:

harbiy xizmatni o‘tash uchun;

salomatligini tiklash uchun;

homiladorlik va tug‘ish uchun;

bolalarni parvarish qilish uchun;

oilasining betob a’zosini (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar, turmush o‘rtog‘i, farzandi) parvarish qilish uchun.

2. Grantda o‘qiyman. Akademik ta’til davrida ham menga stipendiya beriladimi?

Yo‘q, ololmaysiz, chunki O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risidagi nizomga binoan, talabalarga akademik ta’til davrida stipendiyalar to‘lanmaydi.

3.Akademik ta’til olish uchun universitetga qanday hujjatlar taqdim qilish kerak bo‘ladi?

Nizomga muvofiq, avvalo oliy ta’lim muassasasi rahbari nomiga muddatlarni ko‘rsatgan holda akademik ta’til olishni so‘rab  ariza yozishingiz kerak bo‘ladi. Murojaat qilgan talabaning ta’til olish sabablariga qarab,  arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

harbiy xizmatni o‘tash uchun — tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog‘ozi;

salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek, bolalarni parvarish qilish uchun — talaba doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi;

oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun — oilasining betob a’zosi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi xulosasi.

4. Qizim surunkali kasalligi sababli darslarga 3 haftadan beri qatnasha olmayapti, shu sababli men qizimning o‘rniga akademik ta’til olish uchun ariza yozsam bo‘ladimi?

Ha, albatta. Talaba surunkali kasalligi sababli bir oydan ortiq vaqt davomida darslarda qatnasha olmasa, talaba yoki uning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar yoki turmush o‘rtog‘ining arizasiga asosan talabaga akademik ta’til berilishi mumkin. Bunda, akademik ta’til muddati o‘tashining boshlanishi talaba darslarda qatnasha olmayotgan kundan boshlab hisoblanadi.

5.Akademik ta’til olish haqidagi murojaat qancha vaqtda ko‘rib chiqiladi?

Nizomga ko‘ra, italabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko‘rib chiqiladi. Talabaga akademik ta’til berish oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda akademik ta’tilning boshlanish va tugash sanasi ko‘rsatilishi shart.

6.Men 3-kursligimda sog‘ligimdagi muammolar sababli 1-yilga  akademik ta’til olgandim. Hozirda mening yo‘nalishim tugatilgan ekan, men o‘qishimni yana shu yo‘nalishda davom ettira olamanmi ?

Nizomga ko‘ra, agar akademik ta’til davrida talaba tahsil olgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi tugatilgan bo‘lsa, talaba o‘qishini mazkur oliy ta’lim muassasasining turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishini  davm ettirsa  bo‘ladi. , agar bunday bakalavriat ta’lim yo‘nalishi mavjud bo‘lmasa, turdosh bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirib tiklash masalasi ariza bilan birga ko‘rib chiqiladi.

7.Akademik ta’tildan qaytganimdan keyin universitetga qanday hujjatlar taqdim qilishim kerak?

Talaba akademik ta’tilning muddati tamom bo‘lgandan so‘ng o‘qishga qaytish bo‘yicha oliy ta’lim muassasasining rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishi shart.

8.Akademik ta’til olsam, bir yilim “kuyadi”mi?

Nizomga muvofiq, talabaga akademik ta’til berilishi uni oliy ta’lim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi. Akademik ta’til olishni istagan talabalar o‘z ixtiyoriga ko‘ra, akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi, masofaviy yoki eksternat shakliga o‘tkazilib, ularga uzluksiz mustaqil ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.