TIQXMMI yangiliklari

img
20.04.2024

Ma’rifat targ‘iboti – ma’naviyat tashviqoti

Jamiyatning qo‘sh qanoti, ruhiy quvvati bu ma’naviyat va ma’rifatdir. Uning omma ongiga singdirilishi katta kuch va ahamiyat kasb etadi. Ana shuning uchun ham Davlatimiz rahbarining Ma’naviyatga bergan ilk ta’rifi bejiz emas. «Ma’naviyat - eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz.» Demak, uning ta’sirchan mexanizm sifatidagi rolini bilish va amal qilish muhim vazifa. Bu tajribali, taniqli ijodkorlar bilan muloqot, eng muhimi, kitobxonlikka da’vat bilan chambarchas bog‘liqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining oliy ta’lim muassasalari talabalarini kitob mutolaasiga jalb etish hamda badiiy savodxonlik darajasini yanada oshirish maqsadida «Ma’rifat ulashib» loyihasini ishlab chiqishi ham ana shu boradagi dadil qadam, qutlug‘ maqsaddir deyish mumkin. Mazkur loyiha doirasidagi tadbirlar joylarda joriy yilning 17-aprel kunidan boshlab o‘tkazib kelinayotgani e’tiborga molikdir.

 «Ma’rifat ulashib» loyihasi doirasidagi tadbirlar hamda shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar tarzida puxta tayyorgarlik asosida ishlab chiqilgan dastur va rejaga muvofiq o‘tkazib kelinayotgani rost.

2024-yilning 19-aprel kuni «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti tomonidan «Ma’rifat ulashib» tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zolari taniqli adiblar Safar Olloyor hamda Oydinniso Yuldashevalar ishtirok etishdi. Tadbirning birinchi qismi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 64-maktabda o‘tkazildi. Maktabda o‘quvchilarning bilim olishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib faollar zalida uchrashuv tashkil etildi. Ijodkor o‘quvchilar o‘zlarining va tashrif buyurgan shoirlarning she’rlaridan namunalar o‘qishdi. Shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasida asfaltga rasm chizish musobaqasi ham qiziqarli tarzda kechdi.

Tadbirning ikkinchi qismi universitet Axborot resurs markazida bo‘lib o‘tdi. Universitetdagi ijodkor talabalarning chiqishlari adiblarimizda katta taassurot qoldirdi. She’riyatga qiziquvchi talabalar, endigina o‘z ijodini boshlagan talaba yoshlarga O‘zbek adabiyoti va she’riyati haqida tushunchalar bera turib  ijod qilish ko‘nikmasi haqida tavsiyalar berdilar. Keyin esa savol-javoblar she’rxonlikka aylanib ketdi.

Shuningdek, adiblar tashrif davomida universitetda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib universitet rektori bilan birgalikda tushlikni qilishdi. Rektor ularga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Kechki payt uchrashuv dinamikasi tushmagan holda Talabalar turar joyida yanada jonli va qiziqarli yo‘sinda davom etdi.

 

UNIVERSITET MATBUOT XIZMATI