TIQXMMI yangiliklari

img
26.04.2024

“Erta turmushni oldini olish” mavzusida seminar

Joriy yilning 24-aprel kuni universitet xotin-qizlar maslahat kengashi rejasi asosida 3-talabalar turar joyida “Energetika” fakulteti talaba-qizlari oʻrtasida erta turmushni oldini olish boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi. Seminar fakultetda talaba-qizlar oʻrtasida erta nikohning oldini olish va uning salbiy oqibatlari shuningdek oʻsmir qizlar va ayollar salomatligini mustahkamlash, malakali yordam koʻrsatish, oilada sogʻlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida oʻtkazildi.

Seminarda universitet psixologi M.Muhammedova, “Zulfiyaxonim klubi” raisasi R.Gazieva, xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchi Ch.Oxunboboeva hamda tyutor D.Xudoynazarovalar ishtirok etishdi.

Seminarda psixolog soʻzga chiqib, erta nikoh qurgan oilalarning aksariyati hayotining ikkinchi yoki uchinchi yillaridayoq ajralib ketayotganligi haqida ma'lumotlar keltirdi. Bunday holatlar yosh oilalarda koʻpincha tibbiy, psixologik, ijtimoiy muammolar paydo boʻlishi bilan bogʻliqligini ta'kidlab oʻtdi. Koʻpchilik yosh qizlar erta yoshdagi onalik natijasidagi homiladorlik va tugʻruq davri asoratlanishi, oʻlim ehtimoli juda yuqoriligi haqida ma'lumotlar berdi.

Seminar davomida fakultetning “Zulfiyaxonim klubi” raisasi soʻzga chikib, farzand, ayniqsa  qizlar tarbiyasi, oila, onalar ma'naviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targʻib etish, oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy-ta'lim salohiyatini mustahkamlashga koʻmaklashish haqida qizlarga tushunchalar berdi.

Oʻtkazilgan seminarda talaba-qizlar erta turmushning salbiy oqibatlari, oilaviy-huquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, oila iqtisodi va byudjeti, reproduktiv salomatlik asoslari, ma'naviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida boʻlish masalalari toʻgʻrisida tushunchalarga ega boʻlishdi.

Mazkur seminar talaba-qizlarga manzur boʻlib, mana shunday mavzularda koʻproq davra suhbatlari oʻtkazilishi toʻgʻrisida takliflarini bildirishdi.

Xotin-qizlar masalalari boʻyicha dekan maslahatchisi axboroti Ch.Oxunboboeva

Universitet matbuot xizmati